Eron kuchayib borayotgan global energetika inqirozi fonida Filippin neft tankerlarining Ormuz bo‘g‘ozi orqali xavfsiz o‘tishini ta’minlashga va’da berdi.
Filippin Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, Eron tashqi siyosat mahkamasi rahbari Filippin bayrog‘i ostida energiya resurslarini tashiyotgan kemalar, shuningdek, filippinlik dengizchilar strategik jihatdan muhim hisoblangan ushbu suv yo‘lidan to‘siqlarsiz va xavfsiz o‘tishi mumkinligiga ishontirgan.
Ushbu bayonot Filippin yoqilg‘i ta’minotini barqarorlashtirish yo‘llarini faol izlayotgan bir vaqtda yangradi. Mamlakat prezidenti Ferdinand Markos-kichik avvalroq energetika sohasida favqulodda holat e’lon qilib, hukumat inqirozni yengib o‘tish uchun har qanday choralarni ko‘rib chiqishga tayyorligini ta’kidlagan edi.