Bu haqda WSJ xabar berdi.
Eron bilan urush va Xitoyning oltingugurt eksportiga qo‘ygan cheklovlari dunyodagi eng talab ko‘proq kimyoviy moddalardan biri — oltingugurt kislotasi narxining keskin ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. Ushbu modda o‘g‘itlar, metallar, yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarish va suvni tozalash tizimlarida keng qo‘llaniladi. Oltingugurt kislotasi rangli metallar va neftni qayta ishlash jarayonida ishlab chiqariladi.
Dunyodagi oltingugurtning katta qismi Fors ko‘rfazi mamlakatlaridagi neft va gaz korxonalaridan yetkazib beriladi, biroq AQSH, Isroil va Eron o‘rtasidagi urush tufayli Xo‘rmuz bo‘g‘ozi orqali yetkazib berish zanjiri uzildi. Bunga javoban dunyodagi eng yirik oltingugurt ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan Xitoy, o‘g‘itlar narxi oshishi va oziq-ovqat xavfsizligiga tahdiddan qo‘rqib, may oyida eksportni cheklab qo‘ydi.
Xomashyo bozorlarini kuzatuvchi Argus agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, fevral oyi oxiridan beri Indoneziyada oltingugurt narxi 80 foizdan ko‘proqqa oshgan, dunyodagi eng yirik mis ishlab chiqaruvchi Chilida esa oltingugurt kislotasi narxi ikki baravardan ziyod ko‘tarilgan. Chili misni rudadan ajratib olish uchun boshqa mamlakatlarga qaraganda ko‘proq oltingugurt kislotasi import qiladi.
Nashrning ta’kidlashicha, taqchillik allaqachon nikel va mis ishlab chiqarishga ta’sir qila boshlagan. Indoneziyada Yaqin Sharqdan keladigan oltingugurtga bog‘lanib qolgan ba’zi nikel kompaniyalari mahsulot chiqarishni qisqartirmoqda.