Eron AQSh harbiylari Eron hududidagi nishonlarga zarba berishda davom etsa, mojaro yanada kengayishi mumkinligini ma’lum qildi.
Eronning SNN telekanali xabar berishicha, mamlakat Qurolli kuchlari Bosh shtabi yangi jangovar strategiyalarni qo‘llashga tayyor ekanini bildirgan.
Eron harbiy vakili Muhammad Akraminiyaning aytishicha, agar AQSh hujumlari to‘xtamasa, mojaro geografiyasi sezilarli darajada kengayishi mumkin. Uning ta’kidlashicha, Tehron avvaldan ishlab chiqilgan harbiy taktikalarni amalga oshirishga tayyor.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 8 iyul kuni AQSh prezidenti Donald Tramp 18 iyun kuni erishilgan Eron bilan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi o‘z kuchini yo‘qotganini e’lon qilgan. Shundan so‘ng AQSh harbiylari bir nechta zarbalarni amalga oshirib, bu harakatlarni Eronning Hurmuz bo‘g‘ozidagi tijorat kemalariga qarshi harakatlariga javob sifatida izohlagan.