Eron tomoni AQSh prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff bilan aloqada bo‘lgan.
Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Kerolin Levitt jurnalistlarga ma’lum qildi.
«Eron hukumatidagi bir mas’ul shaxs prezident Donald Trampga yaqin shaxslardan biri — maxsus vakili Uitkoff bilan aloqa qildi va bu ommaviy e’lon qilingan tarzdan butunlay farq qiladi", — dedi Levitt va bu aloqalar haqida oldinroq ommaviy axborot vositalari xabar berganini qo‘shimcha qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Stiv Uitkoff Eron bilan diplomatik munosabatlarda muhim rol o‘ynaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Axios agentligi xabar qilishicha, Eron TIV rahbari Abbas Arag‘chi va AQSh prezidenti maxsus vakili telefon orqali Erondagi namoyishlar vaziyatini muhokama qilgan. Keyinchalik Arag‘chi Tehron Vashington bilan yadroviy dastur bo‘yicha teng shartlarda muzokara qilishga tayyorligini bildirgan.
Shu bilan birga, Tramp yakshanba kuni Eron bilan yadroviy dasturni muhokama qilish uchun uchrashuv o‘tkazish imkoniyatiga ochiq ekanini ta’kidlagan.