Bugun 27 iyun, 2025 yil, juma

КИР

Erdo‘g‘on va Tramp NATO sammiti doirasida samarali uchrashuv o‘tkazdi

Erdo‘g‘on va Tramp NATO sammiti doirasida samarali uchrashuv o‘tkazdi

Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on Gaagadagi NATO sammiti doirasida AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan samarali uchrashuv o‘tkazganini ma’lum qildi. Bu haqda u Niderlandiyadan qaytib kelayotgan paytda, uchoq bortida jurnalistlar savollariga javob berish chog‘ida bildirdi.

Unga ko‘ra, muzokaralar chog‘ida ikki tomonlama munosabatlar, NATO doirasidagi hamkorlik, mintaqaviy va xalqaro muammolar muhokama qilindi. Erdo‘g‘on G‘aza va Ukrainadagi mojarolarni to‘xtatishda Trampdan faol harakatlar kutayotganini bildirdi.

Davlat rahbari, shuningdek, F-35 harbiy uchoqlari bo‘yicha muzokaralar qayta boshlanganini va Anqara loyihadan chiqmaganini ta’kidladi.

Erdo‘g‘on so‘zlariga ko‘ra, Turkiya havo mudofaa tizimlarini rivojlantirish orqali raketalik salohiyatini oshirishga bel bog‘lagan.

Shuningdek, u Eron tomonidan Ormuz bo‘g‘ozining yopilishi mintaqada katta muammolarga olib kelishi mumkinligini qayd etdi va bunday ssenariydan saqlanish umidini bildirdi. Turkiyaga Eron gazi yetkazib berilishi uzilmagani va bu borada hech qanday to‘xtatish rejalashtirilmayotgani aytildi.

Erdo‘g‘on Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni tez fursatda adolatli va barqaror tinchlik asosida yakunlash zarurligini ta’kidladi. G‘aza sektoridagi vaziyat haqida gapirar ekan, Turkiya bu mavzuda jamoatchilik diqqati zaiflashgan taqdirda ham uni esdan chiqarmasligini ma’lum qildi.

Erdo‘g‘on, shuningdek, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning G‘aza masalasini Isroil bilan alohida muhokama qilish niyatini olqishladi.

Kiritildi: 17:13 26.06.2025. O'qildi: 347 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!