Turkiyaning hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasi mamlakatning amaldagi prezidenti Rajab Toyyib Ero‘g‘anni keyingi saylovlarda ushbu lavozimga o‘z nomzodi sifatida ko‘rmoqda. Bu haqda partiya rasmiy vakili Umar Chelik bayonot berdi.
"Partiyamiz pozisiyasiga ko‘ra, bo‘lajak saylovlarda prezidentlikka nomzodimiz prezident Erdo‘g‘andir. “Adolat va taraqqiyot” partiyasining barcha tuzilmalari bu borada qat’iy pozisiyani namoyon etmoqda", — dedi u partiyaning markaziy ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishidan so‘ng jurnalistlar oldida.
Chelik, shuningdek, Erdo‘g‘anning yana prezidentlikka nomzodini qo‘yishi zarurligini aytgan “Milliy harakat” partiyasi raisi Davlat Bog‘chaliga minnatdorlik bildirdi. Uning qayd etishicha, mamlakat va turk xalqi yangi asrning yo‘l xaritasini belgilaydigan Erdo‘g‘anga juda muhtoj.
Turkiyada Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning “Adolat va Taraqqiyot” partiyasi hamda Davlat Bog‘chalining “Milliy harakat” partiyasi rasman yagona partiya sifatida birlashmagan – ular o‘z mustaqilligi va alohida tuzilmasini saqlab qolgan. Biroq ular yirik siyosiy va saylovoldi ittifoqiga birlashgan. Bu siyosiy birlashma “Jumhur ittifoqi” deb ataladi va unga 2018 yil 20 fevralda asos solingan.
Turkiyada navbatdagi prezidentlik va parlament saylovlari 2028 yil bahorida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Ketma-ket ikkinchi muddat oliy davlat lavozimini egallab turgan Erdo‘g‘anda bir necha holatda yana o‘z nomzodini qo‘yish imkoniyati paydo bo‘ladi. Masalan, parlament 2028 yilgi saylovlarni ertaroq muddatga ko‘chirish to‘g‘risida qaror qabul qilsa. Bundan tashqari, Erdo‘g‘an respublikada yangi konstitusiya qabul qilingan taqdirda prezidentlik lavozimi uchun kurashishi mumkin.