Bugun 17 fevral, 2026 yil, seshanba

КИР

Epshteynning ranchosi bo‘yicha tergov o‘tkaziladi — Reuters

Epshteynning ranchosi bo‘yicha tergov o‘tkaziladi — Reuters

AQShning Nyu-Meksiko shtati qonunchilari marhum moliyachi, odam savdosi va jinsiy zo‘ravonlikda ayblangan Jeffri Epshteynga tegishli bo‘lgan “Zorro” ranchosida yuz bergan voqealar yuzasidan ilk keng ko‘lamli tergovni boshlash to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi, deya xabar bermoqda agentlik.

Ushbu qonun loyihasi Nyu-Meksiko Vakillar palatasi tomonidan bir ovozdan qabul qilingan va Epshteyn bilan aloqador bo‘lgan hamda ranchoga tashrif buyurgan siyosatchilar va boshqa yuqori martabali shaxslar uchun xavf tug‘dirishi mumkin.

Hujjatga ko‘ra, to‘rt nafar qonunchidan iborat ikki partiyaviy qo‘mita tuziladi. U ehtimoliy zo‘ravonlik qurbonlari hamda mahalliy aholi ko‘rsatmalarini yig‘ish bilan shug‘ullanadi. Komissiya ranchoga kelgan mehmonlar hamda u yerda sodir bo‘lgan voqealardan xabardor bo‘lishi yoki taxmin qilinayotgan jinoyatlarga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan mansabdor shaxslarning shaxsini aniqlashni maqsad qilgan.

Reuters'ning yozishicha, Nyu-Meksikodagi rancho avvalroq federal tergovchilarning asosiy e’tiboridan chetda qolgan. Ular asosan Epshteynning Karib dengizidagi xususiy oroli hamda Nyu-Yorkdagi taunxausiga qaratilgan. Shu bilan birga, yuzlab jabrlanuvchilar manfaatini himoya qilgan advokat Sigrid Makkoulining so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab jabrlanganlar aynan Nyu-Meksikoda zo‘ravonlikka duch kelgan, mahalliy siyosatchilar va boshqa shaxslar esa sodir bo‘layotgan voqealardan xabardor bo‘lishi mumkin.

Qo‘mita ishni bugun, 17 fevral kuni boshlaydi. Dastlabki natijalar iyul oyida taqdim etilishi, yakuniy hisobot esa yil oxiriga qadar e’lon qilinishi rejalashtirilgan.

Jeffri Epshteyn 2019 yilda Nyu-York qamoqxonasida federal darajadagi jinsiy ekspluatasiya maqsadidagi odam savdosi ayblovlari bo‘yicha tergov ostida bo‘lgan paytda o‘z joniga qasd qilgan.

Kiritildi: Bugun 18:35. O'qildi: 272 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!