2020 yil mart oyiga Xitoyning Nankin shahrida o‘tkazilishi belgilangan yopiq inshootlarda yengil atletika bo‘yicha jahon chempionati dunyo bo‘ylab tarqalayotgan yangi turdagi koronavirus sababli 2021 yilga ko‘chirildi. Bu haqda World Athletics matbuot xizmati xabar berdi.
13-15 mart kunlari o‘tishi kerak bo‘lgan jahon chempionatini 2021 yil martiga ko‘chirishga qaror qilingan.
Ta’kidlanishicha, yengil atletika federasiyasi tibbiy xodimlari Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vakillari bilan birga Xitoyda va uning tashqarisida tarqalayotgan koronavirus yirik musobaqalarni o‘tkazishga ijozat bermasligi va ular keyinga qoldirilishi lozimligi haqidagi qarorga kelishgan.
“Biz musobaqaning boshqa davlatga ko‘chirilishi imkonini ham ko‘rib chiqdik va uni qabul qilishga tayyorligini bildirgan shaharlarga minnatdorlik bildirmoqchimiz. Ammo virusning Xitoydan tashqarida tarqalishi borasidagi xavotir sababli bu variantdan foydalanmaslikka qaror qildik”, deyilgan World Athletics xabarida.
“Biz musobaqani o‘tkazish uchun 2021 yilda tegishli sanani topa olamiz deb hisoblaymiz va tashkilotchilarning musobaqaga tayyorgarlik ko‘rishdagi sa’y-harakatlarini hisobga olib, Nankin uning mezboni bo‘lib qolishini istardik”, deb qo‘shimcha qilingan World Athletics’da.