Endi O‘zbekistonda profilaktika inspektorlariga yo‘l-patrul xizmatining hamda tuman (shahar) ichki ishlar organi boshlig‘i yoki uning o‘rinbosarlarining ayrim vakolatlari ham beriladi. Bu haqda Prezidentning “Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash faoliyatiga yangicha ishlash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 314-sonli qarorida so‘z boradi.
Qarorga ko‘ra, ichki ishlar organlari jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘linmalarining faoliyati quyidagi ustuvor ishlash mexanizmlari asosida yaxlit tizim sifatida tashkil etiladi:
xizmat yo‘nalishi va xizmat o‘tash hududidan qat’iy nazar fuqarolarning murojaatlari va xabarlariga tezkorlik bilan munosabat bildirish;
aholi bilan bevosita yaqindan va ochiq muloqotga kirishish hamda ularning huquqbuzarlikka sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan muammolarini hal etishda ko‘maklashish;
bevosita joylarning o‘zida huquqbuzarliklarni sodir etish sabab va omillarini barvaqt aniqlash va bartaraf qilish, xavf guruhiga kiruvchi shaxslar bilan kunlik asosda manzilli profilaktik ishlarni yo‘lga qo‘yish.
Hujjatga ko‘ra, shuningdek, profilaktika inspektorining xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanadi.
Bundan tashqari, profilaktika inspektorlariga qo‘shimcha vakolatlar beriladi. Xususan, endi ular ko‘rib chiqish vakolati doirasidagi birinchi marotaba sodir etilayotgan 17 turdagi kam ahamiyatli ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha ma’muriy ogohlantirish jazosini qo‘llashi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, profilaktika inspektorlari yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash borasida mahalla ko‘chalari va yo‘laklarida yo‘l harakati qoidalari buzilishi bilan bog‘liq 4 turdagi ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ham ma’muriy jazo qo‘llay oladi.
Profilaktika inspektorlariga berilgan qo‘shimcha vakolatlar orasida tuman (shahar) ichki ishlar organi boshlig‘i yoki uning o‘rinbosarlarining vakolatidagi 9 turdagi ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish va ma’muriy jazo qo‘llash imkoniyati ham mavjud.