Turkiyada chorvachilik sohasida qo‘llash uchun ishlab chiqilgan avtonom sog‘ish roboti taqdim etildi. Yangi qurilma inson ishtirokisiz bir sutkada 75 tagacha sigirga xizmat ko‘rsatishi mumkin.
Dost Anadolu nomi bilan atalgan avtonom sog‘ish roboti qishloq xo‘jaligi texnologiyalari klasteri TÜME jamg‘armasi tomonidan ishlab chiqilgan. Tizim «ixtiyoriy sog‘ish» tamoyili asosida ishlaydi — hayvonlar ehtiyojiga qarab mustaqil ravishda qurilma oldiga keladi.
Robot hayvonlarning sog‘lig‘i, ozuqa iste’moli hamda har bir yellindan olingan sut miqdorini kuzatib boradi. Yig‘ilgan ma’lumotlar real vaqt rejimida veterinarlar va ferma egalariga uzatiladi.
Dost Teknoloji vakili Nurullah Chalqining aytishicha, tizimning sun’iy intellekt texnologiyalari bilan ta’minlangan dasturiy ta’minoti, elektron qismlari va mexanik komponentlari turkiyalik muhandislar tomonidan ishlab chiqilgan.
Ayni paytda bunday robotlarning beshtasi Lyuleburgaz shahrida sinovdan o‘tkazilmoqda. Turkiyada tizimni tijorat maqsadlarida foydalanishni yanvar oyidan boshlash rejalashtirilgan.