Qo‘qon temir yo‘l vokzalidan “Qo‘qon – Andijon – Qo‘qon” yo‘nalishida zamon talablari asosida jihozlangan elektrichka yangi jadval asosida shaharlararo qatnovini boshladi. Endilikda “Qo‘qon – Marg‘ilon – Andijon” yo‘nalishi bo‘yicha har kuni ikkitadan elektropoyezd yo‘lovchilarga xizmat qiladi.
Ertalabki soat 06:22 da Qo‘qon vokzalidan chiqqan poyezd soat 9:03 da Andijon vokzaliga yetib keladi. Masofaning umumiy uzunligi 136 kilometrni tashkil etib, elektropoyezd bu yo‘lni 2 soat-u 45 daqiqada bosib o‘tadi. Shuningdek, tushdan so‘ng 14:50 da ikkinchi poyezd yo‘lga tushadi.
Poyezd o‘z yo‘lida 9 ta bekatda to‘xtab o‘tadi. Shuningdek, chiptalar hamyonbop – Oltiariqqa qadar 3000 so‘m, Quva va Marg‘ilongacha 5000 so‘m, Qo‘qondan Andijonga esa 7000 so‘mni tashkil etadi.