Kecha AOKAda Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati rahbari Laylo Rustamova ishtirokida bo‘lib o‘tgan brifingda O‘zbekistonda 1-sinfga qabul uchun 3 ta maktabni tanlash imkoniyati berilishi ma’lum qilingan.
Laylo Rustamovaning ta’kidlashicha, birinchisi ota-ona doimiy istiqomat qilayotgan hududdagi, ya’ni yashash manzili biriktirilgan mikrohududdagi maktab bo‘lsa, ikkinchi va uchinchisi ota-onalarning ixtiyoriy tanlovi asosida farzandlarini qatnashi uchun qulay bo‘lgan maktablar hisoblanadi.
«Ota-onalar 2021 yilning 6 iyulidan 31 iyulga qadar elektron plaftorma orqali tanlagan birinchi maktabga, ya’ni biriktirilgan mikrohududdagi maktabga hujjatlarini topshiradi. Bunda hujjatlarni topshirish to‘liq elektron shaklda amalga oshiriladi. Shuningdek, doimiy yashash manzili bo‘yicha biriktirilgan mikrohududdagi maktabga joylashish kafolatlanadi», — degan Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati rahbari.
Shuningdek, u agar ota-onalar mikrohudduddagi maktabni emas, elektron ro‘yxatdan o‘tish vaqtida tanlagan ikkinchi yoki uchinchi maktablarning birida bo‘sh o‘rinlar bo‘lgan taqdirda 1–15 avgust kunlari hujjatlarini topshirishi mumkinligini qayd etgan.