Elit Osiyo Chempionlar Ligasi 7-turi doirasida “Nasaf” hamda Iroqning “Al-Shorta” klublari o‘rtasidagi uchrashuv yakuniga yetdi. 9 fevral kuni Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida bo‘lib o‘tgan bahs 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlandi.
Uchrashuvdagi hisob 8-daqiqada ochildi. “Nasaf” yarim himoyachisi Murodbek Rahmatov aniq zarbasi bilan qarshiliklarni hisobda oldinga olib chiqdi. Ikkinchi bo‘limda mehmonlar faollikni oshirdi va 68-daqiqada Sharif Abdulkarim tomonidan kiritilgan gol evaziga muvozanatni tikladi. Qolgan daqiqalarda tomonlar hisobni o‘zgartira olmadi va bahs durang bilan yakunlandi.
Mazkur natijadan so‘ng “Nasaf” turnirdagi dastlabki ochkosini qo‘lga kiritdi. Qarshiliklar 7-turdan keyin atigi 1 ochko bilan musobaqa jadvalining so‘nggi pog‘onasida qolib ketdi va keyingi bosqichga chiqish imkoniyatini muddatidan avval boy berdi. 2 ochkoga ega “Al-Shorta” esa 11-o‘rinni egallab turibdi.
Elit Osiyo Chempionlar Ligasi, 7-tur
“Nasaf” — “Al-Shorta” 1:1
Gollar: 1:0 — Rahmatov (8), 1:1 — Sharif (68)