Yangi tartib Prezidentning 22 sentyabrdagi farmoni bilan belgilandi. Unga ko‘ra, elektr ta’minotida belgilangan me’yoriy muddatlar buzilsa, iste’molchilarga yetkazilgan zararni qoplash tartibi ishlab chiqiladi.
Ya’ni elektr tarmoqlari kompaniyalari endi nafaqat elektrni o‘z vaqtida tiklashi, balki belgilangan muddatlar buzilgan taqdirda moliyaviy javobgarlikka ham tortilishi mumkin.
Kompensasiya to‘lash tartibi bo‘yicha nizom loyihasi 2026 yil dekabriga qadar tayyorlanishi kerak. Hujjatni Energetika vazirligi va tegishli idoralar ishlab chiqadi, keyin Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
Yangi tartibda avariyaviy-ta’mirlash ishlarining eng yuqori muddatlari ham belgilanadi. Agar elektr belgilangan muddatdan ortiq vaqt davomida bo‘lmasa, iste’molchilarga to‘lovlarni qayta hisoblash yoki kompensasiya mablag‘larini avtomatik hisoblash mexanizmi ishga tushiriladi.
Eng muhimi, bu jarayon ASKUE billing tizimi orqali avtomatlashtirilishi rejalashtirilmoqda. Demak, kelajakda elektr uzoq vaqt o‘chgani uchun kompensasiya olish jarayoni iste’molchining alohida murojaatisiz amalga oshirilishi mumkin.