Bugun 9 avgust, 2026 yil, yakshanba

КИР

Ekstremistik tashkilotlar va materiallarning elektron reestri yuritiladi

Ekstremistik tashkilotlar va materiallarning elektron reestri yuritiladi

Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ekstremizmga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Qonun bilan Jinoyat kodeksi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Unga ko‘ra, ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallarni tayyorlash, saqlash va tarqatish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralari liberallashtiriladi.

Xususan, bunday harakatlarni birinchi marta sodir etganlik uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlik bekor qilinib, ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda. Mazkur harakatlar takroran sodir etilgan taqdirdagina jinoiy javobgarlik yuzaga kelishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, «Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonun takomillashtirilib, ekstremizm tushunchasiga aniq ta’rif berilmoqda.

Qonun bilan ekstremizmga oid jinoyatlarning aniq doirasini belgilash, ekstremizmning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturlarini amalga oshirish, ekstremistik tashkilotlar va materiallarning elektron reestrini yuritish, xavf-xatarlarni monitoring qilish hamda baholashning huquqiy asoslarini mustahkamlash nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga, qonunchilikdagi «diniy ekstremizm» atamasini «ekstremizm» atamasi bilan almashtirish taklif etilmoqda. Bu huquqni qo‘llash amaliyotida yagona huquqiy yondashuvni ta’minlashga xizmat qiladi.

Qonun bilan ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, ekstremistik faoliyat haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish va rag‘batlantirish, Internet tarmog‘i hamda ommaviy axborot vositalarida ekstremistik g‘oyalar tarqalishining oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha mexanizmlar joriy etilmoqda.

Bundan tashqari, ekstremistik tashkilotlarni e’tirof etish tartibi hamda ekstremizmga oid jinoyat sodir etgan shaxslarni qayta ijtimoiylashtirish mexanizmlari ham takomillashtiriladi.

Muhokama yakunida senatorlar Qonunni ma’qulladi.

Kiritildi: 19:13 08.08.2026. O'qildi: 304 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!