Operasiya o‘z turmush o‘rtoqlari va qiz o‘rtoqlarini yashirincha tasvirga olib, pornografiya tarqatgan erkaklarga qarshi o‘tkazildi
DW'ning yozishicha, gap o‘z ayollarini uxlatib qo‘yib, ularga nisbatan zo‘ravonlik qilgan va videolarni internetga joylashtirgan erkaklarning onlayn tarmoqlari haqida bormoqda.
Germaniya va Buyuk Britaniya idoralari rahbarligida o‘tkazilgan ushbu operasiyada 9 ta davlat va Yevropol ishtirok etdi. Operasiya davomida shunday mazmundagi to‘rtta tarmoq aniqlandi va faoliyatiga chek qo‘yildi.
Operasiya natijasiga ko‘ra, 57 nafar shaxs qo‘lga olindi va hozirda xavfsiz joyga ko‘chirilgan 158 nafar jabrlanuvchi aniqlandi.
Ma’lumot uchu, "Meduza" operasiyasi 2026 yil aprelidan boshlab o‘tkazilayotgan edi. Germaniya Federal jinoyat polisiyasi boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, zo‘ravonlik ko‘pincha yaqin ijtimoiy doirada sodir bo‘ladi va uzoq vaqt, ba’zan yillar davomida davom etadi.
Zo‘ravonlar tarmog‘i mavjudligi haqida NDR va STRG_F jurnalistlarining surishtiruvi tufayli 2024 yil oxirida ma’lum bo‘lgan edi. Erkaklar guruhlarda nafaqat jabrlanuvchilarning foto va videolarini, balki samarali uxlatuvchi vositalar haqidagi ma’lumotlarni ham almashishgan. Ular buning uchun shifrlangan messenjerlardan foydalanishgan.
Federal jinoyat polisiyasi boshqarmasi giyohvand moddalarni, ko‘pincha spirtli ichimliklar bilan birga iste’mol qilish ayollar hayoti uchun xavf tug‘dirishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Ko‘pgina jabrlanuvchilar o‘zlariga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilinganini anglab yetmaydi, chunki ular sodir bo‘lgan voqealarni eslab qola olmaydi, deyiladi xabarda.