Evropa Ittifoqi migrantlar oqimini kamaytirish va ularning ittifoq ichkarisiga kirib borishini cheklashga qaratilgan keng ko‘lamli migrasiya islohotini ishga tushirdi.
DW xabariga ko‘ra, endilikda boshpana berish arizalari eng ko‘p rad etiladigan davlatlar (jumladan, Rossiya, Turkiya, Eron va Pokiston) fuqarolari to‘g‘ridan-to‘g‘ri YEIning tashqi chegarasidagi maxsus markazlarda tekshiruvdan o‘tkaziladi.
Ariza topshirilgandan boshlab deportasiya qilingunga qadar bo‘lgan butun jarayon 12 haftadan oshmasligi kerak bo‘lib, ungacha migrantlarning mamlakatlar bo‘ylab erkin harakatlanishi taqiqlanadi. Yangi qoidalar Gresiya, Italiya va Ispaniya kabi migrantlar birinchi bo‘lib kirib keladigan davlatlar mas’uliyatini oshiradi va ularga yordam berish uchun a’zo mamlakatlar o‘rtasida majburiy birdamlik mexanizmini joriy etadi.
Biroq Polsha va Vengriya migrantlarni taqsimlashda ishtirok etishdan bosh tortgan bo‘lsa, Germaniya o‘z tizimi haddan tashqari yuklangani sababli qo‘shimcha boshpana izlovchilarni qabul qilmasligini bildirdi.
Germaniya Ichki ishlar vaziri Aleksander Dobrindt ushbu islohotni "burilish nuqtasi" deb atagan, biroq ekspertlar ko‘plab davlatlar o‘z fuqarolarini qaytarib olishni istamasligi sababli deportasiya jarayoni baribir asosiy muammo bo‘lib qolishini ta’kidlamoqdalar.