Evropa Ittifoqi Kengashi Armaniston mahsulotlarining YEI bozoriga kirishi bo‘yicha tariflarni vaqtincha liberallashtirishni ma’qulladi. Yangi choralar Armaniston eksportining qariyb 80 foizini qamrab oladi.
Keng doiradagi tovarlar, jumladan ayrim qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga import bojlarini vaqtincha bekor qilish rejalashtirilgan. Bu, ayniqsa, yangi meva-sabzavot, ko‘katlar, ichimliklar va alkogol mahsulotlari eksporti uchun muhim ahamiyatga ega.
Imtiyozli tartib ikki yil amal qiladi. Shu bilan birga, Yevropa ishlab chiqaruvchilarini importning keskin o‘sishidan himoya qilish mexanizmlari ham nazarda tutilgan.
EI mazkur choralar Rossiya tomonidan joriy etilgan savdo cheklovlarining Armaniston eksporti va tranzit yo‘nalishlariga ta’sirini yumshatishga qaratilganini bildirdi. Bryussel, shuningdek, Armaniston bilan Har tomonlama va kengaytirilgan sheriklik to‘g‘risidagi bitim (CEPA) doirasida savdo aloqalarini mustahkamlashni maqsad qilmoqda.
Imtiyozlardan foydalanish Armanistonning tovarlar kelib chiqishi qoidalari, YEI bilan ma’muriy hamkorlik talablari va CEPA doirasidagi demokratik tamoyillar, qonun ustuvorligi hamda inson huquqlariga rioya qilishiga bog‘liq.
Hujjat Yevropa parlamenti tomonidan ham ma’qullangandan so‘ng rasman kuchga kirishi kutilmoqda.