Sirdaryo viloyati Yangiyer shahrida ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan 20, uy-joyga ehtiyoji bo‘lgan 70 nafar fuqaroga yangi uylar kaliti tantanali ravishda topshirildi.
Bu yangi uy sohiblariga eng ulug‘, eng aziz ayyomga ajoyib bayram tuhfasi bo‘ldi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar barcha sohalarda yuksak samaralar berayotgani, ijtimoiy himoya davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangani ta’kidlandi. Mazkur 5 qavatli 2 ta uy “Oybek baraka servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati bunyodkorlari tomonidan 10 oyda qurib bitkazildi. Uylarni qurishda viloyatda ishlab chiqarilgan zamonaviy qurilish materiallaridan foydalanilganini alohida ta’kidlash joiz.
– Shu vaqtga qadar Yangiyer shahrida 5 qavatli uy qurilmagan, bu dastlabkisi, – deydi “Oybek baraka servis” MCHJ rahbari Nuriddin Qobilov. – Har birining loyiha qiymati 7 milliard 411 million so‘mdan bo‘lgan ushbu uylar 90 oilaga mo‘ljallangan. Xonadonlar eng zamonaviy isitish tizimi, tabiiy gaz, elektr energiyasi, toza ichimlik suvi va boshqa barcha zarur kommunikasiya xizmati tarmoqlariga ulangan.
Tadbirda uy egalariga xonadon kaliti bilan birga viloyat, shahar hokimliklari, homiy tashkilotlarning esdalik sovg‘alari ham topshirildi. Shuningdek, uylar qurilishida faol ishtirok etgan quruvchilar ham munosib taqdirlandi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva, Sirdaryo viloyati hokimi G‘.Mirzayev ishtirok etdi.
Manba: uza.uz