Bugun 29 aprel, 2024 yil, dushanba

КИР

Do‘zax xarom qilingan kishilar

Do‘zax xarom qilingan kishilar

Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Do‘zaxga xarom kishini yoki unga do‘zax xarom bo‘lgan kishini sizlarga xabarini beraymi? U (birodariga hojat vaqtida) yaqin turadigan, tavozu’li va muloyim kishilardir”, dedilar. (Imom Termiziy rivoyati)

SHARH:  Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu so‘zlaridan ma’lum bo‘ladiki, Alloh taolo uch nafar insonni do‘zaxga kiritmas ekan. Bulardan birinchisi birodariga hojat vaqtida yaqin turadigan, ya’ni, boshqa bir musulmonning boshiga musibat yoki tashvish, sinov yoki imtihon kelganda, kimnidir yordamiga muxtoj bo‘lib turgan paytda, uning hojatini ravo qiladigan, unga yordam qo‘lini cho‘zadigan, taskin va tasalli beradigan kishidir. O‘zgalarning xojatini chiqarish bu Alloh taoloni rozi qiladigan amallardan biri bo‘lishligi bilan birgalikda bandaning dunyo va oxirat yaxshiliklarga yetishligi uchun muhim vositadir. Boshqa hadisda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim bir mo‘mindan bu dunyo mashaqqatlaridan birini aritsa, Alloh taolo undan qiyomat kuni mashaqqatlaridan birini aritadi. Kim bir kambag‘alning ishini yengillatsa, Alloh taolo uning bu dunyoyu oxirat ishlarini yengillatadi. Kim bir musulmon aybini berkitsa, Alloh uning aybini bu dunyoyu oxiratda berkitadi. Modomiki banda o‘z birodarining yordamida ekan, Alloh ham uning yordamida bo‘ladi”. (Imom Muslim rivoyati)

Ikkinchisi esa, tavozu’li ya’ni, kamtar insondir. Chunki  kamtarlik  inson uchun ziynat bo‘lgan xislatlardan biridir. Kamtarlik bu - gunoxlarning boshi bo‘lgan, oqibati xatarli va ayanchli bo‘lgan, Alloh taoloning g‘azabini keltiradigan sifat hisoblangan kibr va manmanlikning aksidir. Alloh taolo O‘zining suyukli bandalarini  vasf qilib: " Rohmanning bandalari yer yuzida tavozu’ ila yuradigan va johillar xitob qilganida "salom" deydiganlardir", (Furqon,63)deya marhamat qilgan. Boshqa bir oyatda esa Muhammad alayyissalomga xitob qilib: "O‘zingizga ergashgan mo‘min kishilar uchun qanotingizni past tuting. ( Ya’ni, ularga xush xulq bilan kamtarona munosabatda bo‘ling)" (Shuaro,215) degan. Ushbu oyatga e’tibor qilsak, Alloh taolo tavoze’ va kamtarlikni qanotga o‘xshatmoqda. Bu ham bejiz emas albatta. qushlarning parvoz etishi va baland marralarni zabt etishi uchun eng zarur vosita ularning qanoti bo‘lsa, inson uchun bu qanot tavoze’ va kamtarlikdir.

Shuning uchun Rosululloh (s.a.v.): " Sadaqa berish bilan mol dunyo kamayib qolmaydi. Alloh kechirimli bandaning izzatini ziyoda qiladi. Kishi Alloh uchun tavozu’lik bo‘lsa, Alloh u bandaning darajasini ko‘taradi", (Imom  Muslim rivoyati) dedilar.

Uchinchisi esa muloyim ya’ni, halim kishi. Albatta muloyimlik, Alloh taolo yaxshi ko‘radigan xislatdir. Rosululloh (s.a.v.) Ashaj Abdulqaysga: "Senda ikki hislat bordir. Alloh o‘sha ikki hislatingni yaxshi ko‘radi: 1) halimlik. 2) Bosiqlik", dedilar. (Imom Muslim rivoyati) 

Oisha (r.a.) onamizdan rivoyat qilingan boshqa bir hadisda esa Rosululloh (s.a.v.): " Albatta, Alloh muloyimdir. Va muloyimlikni yaxshi ko‘radi. Hamda qo‘pollik va bundan boshqa xislatlarga bermaydigan savobni muloyimlikka beradi", dedilar. (Imom Muslim rivoyati)

Muloyimlik inson uchun berilgan yaxshiliklarning barchasini o‘zida jamlagan, Payg‘ambarlar va muqarrab bandalarning xislatidir. Hilmga ega bo‘lish jami yaxshiliklarga ega bo‘lish bo‘lsa, undan maxrum bo‘lish esa, barcha yaxshiliklardan maxrum bo‘lish bilan barobardir.  Bu haqda ham Nabiy (s.a.v.) shunday marhamat qilganlar: " Kimiki muloyimlikdan  mahrum  qilinsa, yaxshiliklarning barchasidan mahrum qilinibdi". (Imom  Muslim rivoyati)

Albatta, yuqorida zikr qilingan hislatlar bilan bezanmoqlik oson ish emas. Chunki,  o‘zgalar hojatini chiqarish, har qanday holatda ham tavozu’li bo‘lish, qolaversa o‘zgalar bilan bo‘ladigan muomalada muloyimlik va bosiq  bo‘lish har kimning ham qo‘lidan kelavermaydi. Balki shuning uchun ham Rosululloh sollallohu alayhi vasallam  Alloh taolo bu hislatlarni o‘ziga odat qilib olgan kishilarni jasadlarini jahannam azobiga giriftor qilmasligini aytmoqdalar.

Demak, do‘zax azobidan omonda bo‘lishni istagan har qanday mo‘min ushbu uch hislatga ega bo‘lmoqligi lozim bo‘ladi. Alloh taolo barchamizni ushbu go‘zal hislatlar bilan bezantirsin.

Manba: muslim.uz

Kiritildi: 06:32 13.11.2018. O'qildi: 4086 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!