Dunyoning eski tartiboti ortga qaytmaydi. Agar stol atrofida bo‘lmasak, menyuda bo‘lamiz — Kanada bosh vaziri.
Mark Karni Shveysariyaning Davos shahrida o‘tayotgan Jahon iqtisodiy forumida nutq so‘zlab, asosiy kuchlar geosiyosati bugun hech qanday chegaralarsiz, hech qanday cheklovlarsiz yuritilayotgani ta’kidladi.
"Boshqa davlatlar, ayniqsa Kanada kabi o‘rta kuchlar ojiz emas. Ular inson huquqlariga hurmat, barqaror rivojlanish, birdamlik, suverenitet va davlatlarning hududiy yaxlitligi kabi qadriyatlarni o‘z ichiga olgan yangi tartibni barpo etish salohiyatiga ega. Ojizlarning kuchi — avvalo halollikdan boshlanadi.
Go‘yo har kuni bizga shuni eslatishayotgandek: biz yirik davlatlar raqobati davrida yashayapmiz, qoidalarga asoslangan tartib yemirilmoqda, kuchlilar qo‘llaridan kelganini qiladi, kuchsizlar esa boshiga tushganiga chidashga majbur.
So‘nggi yigirma yil ichida moliya, sog‘liqni saqlash, energetika va geosiyosatdagi inqirozlar haddan tashqari global integrasiya xatarlarini fosh qildi. Ammo yaqinda yirik davlatlar integrasiyani qurolga aylantira boshladi: bojlar bosim vositasi, moliyaviy infratuzilma majburlash quroli, ta’minot zanjirlari esa zaiflik sifatida ishlatilmoqda. Agar integrasiya sizni bo‘ysundirish manbaiga aylansa, “o‘zaro manfaat” haqidagi yolg‘on ichida yashab bo‘lmaydi.
Shuni aytishim mumkinki, o‘rta kuchlar birgalikda harakat qilishi shart. Chunki agar biz stol atrofida bo‘lmasak, menyuda bo‘lamiz. Yirik kuchlar hozircha yolg‘iz yurishga qodir – bozor hajmi, harbiy qudrati va bosim imkoniyatlari bor. O‘rta kuchlarda esa bunday imkoniyat yo‘q.
Eski tartib qaytmasligini bilamiz. Uni sog‘inib o‘tirish kerak emas. Nostalgiya - strategiya emas. Ammo biz ishonamizki, bu parchalanishdan yanada kuchliroq va adolatliroq narsa qurish mumkin. Bu haqiqiy hamkorlikdan eng ko‘p foyda ko‘radigan o‘rta kuchlar vazifasidir. Kuchlilar o‘z kuchiga ega. Ammo bizda ham yolg‘on ijrosini to‘xtatish, haqiqatni nomlash, ichki kuchimizni qurish va birgalikda harakat qilish salohiyati bor", — dedi Kanada bosh vaziri.