Bugun 28 aprel, 2024 yil, yakshanba

КИР

Dunyodagi eng qimmat doriga ruxsat berildi

Dunyodagi eng qimmat doriga ruxsat berildi

AQShda dunyodagi eng qimmat doriga ruxsat etildi, uning bitta dozasi — 4,25 mln dollar. Bu dori bolalarning kam uchraydigan va o‘lim xavfi yuqori kasalligini davolash uchun qo‘llaniladi, deb xabar berdi Scripps News.

Gap Orchard Therapeutics kompaniyasi ishlab chiqqan Lenmeldy dori vositasi haqida boryapti. Bu dori metaxromatik leykodistrofiya (MLD) bilan xastalangan bolalarni davolash uchun yagona vosita bo‘lib qolmoqda.

Metaxromatik leykodistrofiya davosi yo‘q nasliy kasallik bo‘lib, A arilsulfataza (ARSA) fermenti yetishmovchiligiga olib keluvchi gen mutasiyasi bilan bog‘liq. Buning oqibatida hujayralarda sulfatidlar deb ataluvchi zaharli yog‘lar to‘planib qoladi. Ular nerv tolalari atrofidagi yog‘ qoplamini yemirishni boshlaydi. Oqibatda bolaning nerv tizimi buzilishi va butunlay ishdan chiqib, o‘limga olib kelishi mumkin.

Aksariyat hollarda kasallik kechikkan MLD sifatida tasniflanadi, ya’ni simptomlari 6 oylikdan 2 yoshgacha davrda paydo bo‘lishni boshlaydi. Bu toifaga mansub bolalar 5 yoshgacha vafot etadi.

Boshqa holatlarda yuvenil MLD kuzatilib, kasallikning bu toifasiga mansub bemorlar simptomlar paydo bo‘lganidan so‘ng 6–14 yil davomida vafot etadi.

Bugungi kunda Lenmeldy yuqoridagi har ikki toifa MLD xastaligi uchun yagona dori vositasi sanaladi. Yangi dori bemorlarga, simptomlarni kamaytirgan holda, ko‘proq umr ko‘rish imkonini beradi, deyiladi xabarda.

Kiritildi: 22:30 25.03.2024. O'qildi: 3172 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!