Dunyoda ko‘p o‘lchovli kambag‘allik sharoitida yashayotgan aholi soni 1,2 milliard kishiga yetdi. Bu 2010 yildan buyon qayd etilgan ilk o‘sish bo‘lib, avvalgi hisobotga nisbatan 51,5 million kishiga ko‘pdir.
Ma’lumotlar BMT Taraqqiyot dasturi va Oksford universiteti hamkorligida tayyorlangan 2026 yilgi Global ko‘p o‘lchovli kambag‘allik indeksida keltirilgan.
Hisobotga ko‘ra, kambag‘allik sharoitida yashayotganlarning 617 million nafari bolalardir. Umumiy kambag‘al aholining 83 foizi qishloq hududlarida istiqomat qiladi.
Tadqiqot 108 ta rivojlanayotgan mamlakatni qamrab olgan. Unda kambag‘allik faqat daromad bilan emas, balki oziq-ovqat, ta’lim, tibbiy xizmat, ichimlik suvi, elektr energiyasi va yashash sharoitlaridan foydalanish imkoniyati asosida baholangan.
BMT Taraqqiyot dasturi rahbari Aleksandr De Kroo kambag‘allikning ortishi xalqaro hamjamiyat uchun jiddiy ogohlantirish ekanini ta’kidladi.
Ayni paytda ayrim davlatlarda ijobiy o‘zgarishlar kuzatilgan. Xususan, Misr, Nepal va Tojikistonda kambag‘al aholi ulushi hamda soni kamaygan. Nigeriyada esa avvalgi yillarda erishilgan natijalardan so‘ng kambag‘allik yana o‘sa boshlagan.
Mutaxassislar o‘sishga aholi sonining ko‘payishi ham ta’sir ko‘rsatganini qayd etmoqda.