Nazorat inspeksiyasi «Damas» va «Labo» haydovchilarini avtotransport akkumulyatorlari xarid qilishda hushyor bo‘lishga chaqirdi.
Ma’lum qilinishicha, Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi Nazorat inspeksiyasi Jizzax viloyati bo‘limi xodimlari tomonidan Jizzax shahridagi savdo nuqtalarida sotilayotgan «N7000» va «CERVO» savdo belgisi ostidagi avtotransport akkumulyatorlari yuzasidan nazorat xaridi o‘tkazilgan.
Unga ko‘ra, o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida mazkur mahsulotlarning sifati amaldagi standart talablariga javob bermasligi aniqlangan.
Ta’kidlanishicha, mazkur akkumulyatorlardan foydalanish natijasida noto‘g‘ri ishlash, tez ishdan chiqish, ortiqcha xarajatlar, avtomobilni yurgizib bo‘lmasligi kabi holatlar yuzaga kelishi mumkin.
«Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish maqsadida tegishli choralar ko‘rilmoqda. Agar savdo tarmog‘ida sifatsiz yoki soxta mahsulotga duch kelsangiz, 1880 qisqa raqami orqali Texnik jihatdan tartibga solish inspeksiyasiga murojaat qilishingiz mumkin», — deyiladi inspeksiya ogohlantirish xabarida.