“Novaya Gazeta Yevropa” manbasiga ko‘ra, Qodirov Putin raisligida o‘tadigan Davlat kengashi yig‘ilishida shaxsan ishtirok etishni rejalashtirgan va shu maqsadda 24 dekabr kuni Moskvaga uchib kelgan. Biroq 24 dekabrdan 25 dekabrga o‘tar kechasi Qodirovning ahvoli keskin yomonlashgan va u reanimobil orqali Prezident administrasiyasiga qarashli Markaziy klinik shifoxonaga yetkazilgan.
Checheniston vakilining Davlat kengashi yig‘ilishidagi ishtiroki uchun zaxira variant ko‘zda tutilmagan, shu sababli u respublika vakilisiz o‘tgan.
Checheniston rahbariga yaqin manbaning aytishicha, Moskvada Ramzan Qodirovning ahvolini zo‘rg‘a barqarorlashtirishga muvaffaq bo‘lishgan, shundan so‘ng u uyiga qaytgan va o‘shandan beri jamoatchilik oldida ko‘rinmagan.
Avvalroq “Novaya Gazeta Yevropa” manbalariga tayanib, Qodirovning ahvoli tobora yomonlashayotgani haqida yozgan edi. Nashrning boshqa bir manbasi esa “ijobiy yakun bo‘lishiga deyarli umid yo‘q”ligini aytgan.