Bugun 28 noyabr, 2026 yil, shanba

КИР

Davlat tili va fitna isi…

A A A
Davlat tili va fitna isi…

Adashmasam, 2013 yili Rossiya davlat telekanali O‘zbekistonda qiynalayotgan rus pensionerlari haqida lavha tayyorlab, bu yerda rus aholisiga nisbatan sharoit yaxshi emasligini, ularning pensiyasi bitta tortga arang yetishi haqida provakasion lavha tayyorlagan edi. O‘shanda mamlakatimizda yashayotgan Yevropa millatiga mansub aholidan bu lavhaga nisbatan yaxshigina rezonans, qarshilik bo‘lgandi.

Afsuski, so‘nggi yillarda yana shunga o‘xshagan xabarlar bilan milliy nizo qo‘zg‘ashga harakatlar boshlanmoqda. Avvaliga mahalladagi o‘zbek aktrisasi janjali, kechagi Sherzod Qudratxo‘jayev ishtirokidagi faqat "kerakli" joylari qirqib olingan video, undan oldingi maktab formasi bilan bog‘liq "muammo"lar ko‘rsatilgan lavha (Evropa millatiga mansub o‘qituvchi va o‘quvchilarga e’tibor qaratilishi), ularga ijtimoiy tarmoq vakillarining munosabati... Kimdir anavi yerda o‘tirib, kuzatib, "sabab" yig‘ayotgandek go‘yo.

Hozirgi zamon olomoni – ijtimoiy tarmoq xo‘randalari. Eng katta xo‘rak – qisqa rolik. Istalgan voqelikdagi yeyishli kadrlarni mahorat bilan bir joyga yig‘ va tarmoqqa ot. Ana senga tomosha! Xo‘randalarga uning avvali nima bo‘lgan, asli qanday bo‘lganining farqi yo‘q! O‘ylashga vaqt yo‘q! Bu yog‘i ketdi. Olomon kerak bo‘lsa, millatchilik, shovinizmga ham o‘tadi.

Kecha tarqalgan rolikda Qudratxo‘jayevning muomala madaniyatiga qo‘shilmayman. Voqeaning avvali nima bo‘lganini bilmaganim uchun xulosa qilolmayman. Lekin rahbar xodim har qanday vaziyatda ham bosiqlik bilan munozara qilishi lozim edi.

Davlat tilini bilish o‘zi yashab turgan mamlakat, jamiyatga hurmat ifodasidir. Qudratli davlatlar o‘z tilini bilishni qonun-qoida darajasiga ko‘targanlar. Bir nechta diplomat, biznesmenlarni bilaman. AQSH, Turkiya, Koreya, Yaponiya, Germaniyadan O‘zbekistonga kelishgan. Garchi ularga o‘zbek tilini o‘rganishga u qadar ehtiyoj bo‘lmasa-da (afsuski, shunday: diplomatiya va biznesda ruscha, inglizcha muomala ustunroq) tilimizni juda tez o‘rganishdi. Ba’zi millatdoshlarimizdan yaxshiroq gapirishadi.

Davlat tili haqidagi qonunimizda o‘zbek tilini o‘rganish majburiyati yoki rag‘batlari to‘g‘risida band mavjud emas. Jamiyatda davlat tilining mavqeini oshirish uchun uni o‘rganishga rag‘bat va imtiyozlarni joriy qilish kerak, nazarimda. «O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili haqida»gi qonunga muvofiq "Fuqarolar millatlararo muomala tilini o‘z xohishlariga ko‘ra tanlash huquqiga egadirlar". Shuningdek, "O‘zbekiston Respublikasida davlat tiliga yoki boshqa tillarga mensimay yoki xusumat bilan qarash taqiqlanadi". Qonunda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari davlat tilini bilishi, o‘rganishi shart deyilmagan. Shuningdek, biron davlat idorasiga ishga kirish yoki rasmiy tayinlovlarda davlat tilini bilish sharti qo‘yilmagan. Davlat tili yoki boshqa tillarga mensimasdan, xusumat bilan qarash, tahqirlash, masxara qilish taqiqlangan.

Ba’zida matbuotda "Biz qardosh davlatlar orasida birinchilardan bo‘lib, milliy tilimizga davlat tili maqomini berdik" degan chiqishlarni ko‘rib qolaman. Gorbachev boshlab bergan oshkoralik siyosati tufayli sovet mamlakatlari o‘z davlat tillarini belgilash huquqiga ega bo‘ldilar. Davlat tili haqidagi qonun Markaziy Osiyoda Tojikiston (1989 yil 22 iyul), Qozog‘iston (1989 yil 22 sentyabr) va Qirg‘izistondan (1989 yil 22 sentyabr) so‘ng 1989 yil 21 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Soveti tomonidan ham qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasining "Davlat tili to‘g‘risida"gi qonuni matbuotda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ko‘pchilik ziyolilar o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishini qo‘llab-quvvatladilar. Ba’zi ziyolilar rus tiliga ham davlat tili yoki rasmiy til maqomini berishga, hech bo‘lmasa qonunga rus tilining millatlararo muloqot tili bo‘lishini qo‘shishga urindilar. Qonunda rus tiliga davlat yoki rasmiy maqom berilmadi. Lekin uning 1-moddasida "O‘zbekiston Respublikasi hududida rus tilini SSSR xalqlarining millatlararo muomala tili sifatida rivojlantirish va undan erkin foydalanish ta’minlanadi. Milliy va rus, rus va milliy tillarda muloqot qilishni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratiladi" deb belgilab qo‘yildi. 1995 yil 21 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili haqida»gi qonunga o‘zgartishlarda bu band olib tashlandi.

Qozog‘iston va Qirg‘izistonda milliy tillarga davlat tili maqomi, rus tiliga rasmiy maqom berildi (hozir ham amal qiladi). Qozog‘iston Respublikasi Konstitusiyasiga ko‘ra, davlat idoralari va mahalliy boshqaruv organlarida qozoq tili bilan birgalikda rus tilidan foydalaniladi. Qirg‘iziston Respublikasi Konstitusiyasiga ko‘ra, Respublikada rus tili rasmiy til sifatida foydalaniladi.

Xulosa o‘rnida: eng katta fitnalar din, e’tiqod va milliyat nomidan atrofida oshiriladi. Ko‘ringan har narsa haqiqat emas. Fikrlaylik, aks holda o‘rnimizga boshqalar fikrlaydi!

Davronbek TOJIALIYEV

Azon.uz

Kiritildi: 12:58 17.09.2018. O'qildi: 1627 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik