Adliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetini tuzish va ijro etish qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi idoraviy hujjatni (ro‘yxat raqami 3558-5, 27.07.2026 y.) davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
📖 Mazkur o‘zgartirishlar Byudjet kodeksiga kiritilgan normalar asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra:
🤓 mahalliy byudjetlarni rejalashtirishda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining roli kuchaytirilib, daromadlar prognozi, xarajatlarning dastlabki miqdorlari va byudjetlararo transfertlar bo‘yicha takliflarni shakllantirishdagi vazifalari belgilandi;
🤓 byudjet so‘rovlaridagi asossiz yoki samaradorligi past xarajatlarni qisqartirish mexanizmi joriy etildi. Tegishli tashkilotlar bildirishnoma olganidan keyin 3 ish kuni ichida yangilangan byudjet so‘rovini taqdim etadi;
🤓 byudjet mablag‘larini taqsimlovchilarning rivojlantirish dasturlari kamida 3 yilga tuzilib, ularda aniq natija ko‘rsatkichlari va kutilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy samaradorlik belgilanadi;
🤓 mahalliy byudjetlarga byudjet ssudasi ajratish to‘g‘risidagi talabnoma 5 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Natijasi bo‘yicha arizachiga 1 ish kuni ichida xabar beriladi;
🤓 davlat moliyasi barqarorligini baholash uchun umumiy fiskal balansni shakllantirish va hisoblash tartibi belgilandi.
🔘 Mazkur o‘zgartirishlar byudjet mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanishga xizmat qiladi.