Oq uy CNN telekanali jurnalistlarining AQSh prezidenti Donald Tramp bilan Air Force One samolyotida safar qilishini taqiqladi. Bu haqda AlJazeera xabar berdi.
CNN 25 sentyabr kuni Tramp bilan birga 26 sentyabrda Tennessi shtatiga borishi rejalashtirilganini ma’lum qilgan edi. Biroq Oq uyning jurnalistlar uchun tarqatgan dasturida CNN nomi keltirilmadi va telekanalning prezident samolyotidagi safari bekor qilingani ma’lum bo‘ldi.
Bu voqea Tramp ma’muriyati va prezidentni tanqid qiluvchi ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi ziddiyat kuchaygan bir paytda yuz berdi.
Avvalroq CNN, MS Now va "Politico" jurnalistlarining Oq uyga kirishi cheklangan, shuningdek, ular ayrim tadbirlarni yoritishdan chetlatilgan edi. Tramp ushbu OAVlarni prezident haqida "yolg‘on" va "to‘qima" xabarlar tarqatishda ayblagan.