24 noyabr kuni Samarqanddagi “Silk Road Samarkand” turizm majmuasining Expo markazida Yo‘qolib ketish xavfi ostidagi yovvoyi flora va fauna vakillarining noqonuniy savdosiga qarshi kurash to‘g‘risidagi Konvensiya (CITES) 20-konferensiyasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
CITES CoP20 Samarqandda o‘tkazilgan birinchi katta CITES yig‘ilishi bo‘lib, Markaziy Osiyo tarixidagi ilk CITES konferensiyasiga aylandi. Forumda 184 mamlakatdan va Yevropa Ittifoqidan 3000 dan ziyod ishtirokchi, jumladan, davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, ilmiy hamjamiyat va nodavlat sektori vakillari ishtirok etdi. Asosiy e’tibor biohailma-hillikni saqlash bo‘yicha global chora-tadbirlarni kuchaytirishga, yo‘qolib borayotgan turlarni muhofaza qilish bo‘yicha xalqaro savdoni tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirishga va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratildi.
Ochilish marosimida BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMT Atrof-muhit dasturi ijrochi direktori Inger Andersen (video murojaat), O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov va CITES Bosh kotibi Ivonn Iguero so‘zga chiqdi.
Aziz Abduhakimov o‘z nutqida O‘zbekiston so‘nggi yillarda yovvoyi tabiatni himoya qilish va noqonuniy savdoga qarshi kurashishda kompleks islohotlarni amalga oshirganini ta’kidladi.
«Bir necha kun oldin O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tarixiy farmon imzoladi, unda milliy ekologik boshqaruvni isloh qilish va mustahkamlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi. Ushbu farmonga muvofiq, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Prezident va Senat oldida hisobdor bo‘ladi. Qo‘mitaga "Bio-meros", "Yashil makon", "Ekologik madaniyat", "Toza havo" va "Chiqindisiz hududlar" kabi milliy tashabbuslarni amalga oshirish vazifasi yuklatildi. Shuningdek, Ekopolisiya va atrof-muhit monitoring markazi tashkil etilib, yovvoyi hayvonlar noqonuniy savdosi, ekologik jinoyatlar va flora hamda faunaga oid huquqbuzarliklarga qarshi kurashish uchun keng vakolatlar berildi», – dedi qo‘mita raisi.
Xalqaro hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston TRAFFIC, INTERPOL, “Fauna & Flora International” bilan hamkorlikni mustahkamlab, CAMI, CADI va Ramsar tashabbuslari kabi mintaqaviy loyihalarda faol ishtirok etmoqda. Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan Samarqand deklarasiyasining imzolanishi muhim yutuq bo‘ldi.
Kelajakdagi hamkorlik haqida gapirar ekan, rais raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish uchun “Samarkand AI-Hub” maslahat platformasini yaratish, shuningdek, noqonuniy yovvoyi tabiat aylanmasiga qarshi sanksiyalarni muvofiqlashtirish va javobgarlik choralarini kuchaytirish mexanizmlarini ishlab chiqish kabi bir qator tashabbuslarni taklif qildi. O‘zbekiston, shuningdek, qattiq nazorat va raqamli kuzatuv ostida noyob turlarni ko‘paytirish markazlarini kengaytirishni qo‘llab-quvvatladi.
Ivonn Iguero o‘z nutqida hamkorlik umumiy muvaffaqiyat asosi ekanini ta’kidladi.
“CITES – bu ko‘p tomonlama hamkorlikning amalda namoyishi, hamkorlik insonlar va sayyoramiz uchun natijalar berishiga isbot. Bizning birgalikdagi harakatlarimiz – yovvoyi tabiat gullab-yashnashi uchun yagona yo‘l. Bugungi ishimiz ko‘p jihatlarda zamonaviy Ipak yo‘li – na faqat tovarlar, balki bilimlar, majburiyatlar va Yerda hayotni saqlash bo‘yicha harakatlar uchun ham yo‘ldir. Ushbu uchrashuv barqaror yo‘lni belgilash imkoniyatdir. Keling, Konvensiyani mustahkamlash va ko‘p tomonlama hamkorlikni kuchaytirish uchun birlashaylik, shunda yovvoyi turlar gullab-yashnaydi, ekotizimlar rivojlanadi va kelajak avlodlarga barqaror tabiat va kelajakka umidni meros qilib qoldiramiz”, – dedi bosh kotib.
CITES CoP20 rasmiy ochilishi 12 kunlik keng qamrovli dasturga start berdi, unga plenar yig‘ilishlar, Konvensiya ilovalariga o‘zgartishlar muhokamasi, mavzugi tadbirlar va yuqori darajadagi uchrashuvlar kiradi, bularning barchasi yovvoyi tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlarni kuchaytirishga qaratilgan.