Toshkent metrosining “Chinor” bekati rekonstruksiya ishlari sababli 13 iyundan boshlab 50 kunga yopiladi. Bu haqda metropoliten matbuot xizmati ma’lum qildi.
Loyiha doirasida bekatning kirish va chiqish qismlari kengaytiriladi, aholining barcha qatlamlari, jumladan, yoshi katta fuqarolar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda bolali oilalar uchun 4 ta katta sig‘imli zamonaviy lift o‘rnatiladi. Shuningdek, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirish maqsadida qo‘shimcha 12 ta turniket o‘rnatilishi rejalashtirilgan.
Bekat yopilgan davrda “Chinor” va “Yangihayot” metro bekatlari o‘rtasida bepul metrobuslar qatnovi tashkil etiladi.