Bugun 25 noyabr, 2026 yil, chorshanba

КИР

Chegara bilmas mudhish jinoyat

A A A
Chegara bilmas mudhish jinoyat
O‘tgan asrning 70-80-yillarida Yevropa davlatlarida odam savdosi keskin rivojlandi.
 
XXI asr inson uchun juda ko‘p salbiy unsurlarni olib keldi. Terrorizm, giyohvandlik, qurol-yarog‘, odam savdosi, fohishabozlik muammolari, missionerlar nayranglari shunday illatlar jumlasidandir. Keyingi yillarda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar jiddiy tashvish va xavotirlarni keltirmoqda.
 
O‘tgan asrning 70-80-yillarida Yevropa davlatlarida odam savdosi keskin rivojlandi. Tahlilchilarning fikricha, jahon iqtisodiyotining rivojlanishi, transport taraqqiyoti, mahalliy va davlatlararo migrasiya jarayoni odam savdosi bilan shug‘ullanuvchilarning faoliyati avj olishiga sabab bo‘ldi. XX asrning 80-90-yillariga kelib uyushgan transmilliy jinoyat sifatida odam savdosi dunyo miqyosida dolzarb muammolardan biriga aylandi. Keyingi yillarda odam savdosi tufayli yuzaga kelayotgan global xavf qanchalik ortib borayotgan bo‘lsa, dunyoning qator mamlakatlarida bu jinoyatga qarshi kurashishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘lami ham shunchalik kengaymoqda.
 
Odam savdosining uyushgan transmilliy jinoiy faoliyat sifatida asosiy farq qiluvchi xususiyati bo‘lib, uni sodir etish oqibatida jismoniy shaxslar tovarga aylanadilar. Ya’ni odamlar sotib olish yoki sotib yuborish, hadya qilish, topshirish uchun ob’ekt bo‘lishlari mumkin. Boshqacha qilib aytganda, ular jonsiz buyumlarga tenglashtiriladilar.
 
Jabrlanuvchilar asosan o‘z yurtidan boshqa davlatlarga tranzit qilish, chegaralardan o‘tkazish orqali sotib yuboriladi. Bu illatga qarshi barcha davlatlar hamkorlikda faoliyat yuritishlari zarurligi sababli, Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning eng ko‘p e’tibor qaratayotgan faoliyat yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ayni shu illatga qarshi kurashish maqsadida BMT odam savdosiga qarshi kurash harakati borasida global rejasini qabul qildi. Hujjatda zamonaviy qullikni yo‘q qilish maqsadida jahon hamjamiyati uyushgan jinoiy guruhlarni yo‘q qilishda birgalikda kurashish kerakligi ta’kidlanadi. Rejada jinoiy guruhlar faoliyatiga barham berish maqsadida aniq chora-tadbirlar ko‘rishi belgilab qo‘yilgan.
 
Ayni damda BMTning odam savdosiga qarshi kurash borasidagi global rejasi kuchga kirdi. Ma’lumiki, bu reja, BMT Bosh Assambleyasining barcha a’zolari tomonidan bir ovozdan qabul qilingan edi. Lekin faktlardan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Hozircha jahon hamjamiyati odam savdosi bilan bog‘liq jirkanch illatning ildizini yo‘q qilishga muvaffaq bo‘lganicha yo‘q. Xalqaro tahlilchilarning so‘zlariga qaraganda, har yili yer yuzida 4 milliondan ortiq katta yoshdagi kishi o‘z xohishlariga qarshi ushlanadilar, sotiladilar, sotib olinadilar. 21-asrning sharmandali ko‘rinishi bo‘lmish odam savdosi tufayli har yili katta yoshdagi kishilardan tashqari 10 million bola qullikka giriftor bo‘lmoqda.
 
Har yili o‘rtacha 2 millionga yaqin ayol o‘z mamlakatlari chegaralaridan olib o‘tilib, qullikka sotiladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozir dunyo bo‘yicha taxminan 27 million kishi odam savdosi tufayli qullik holatiga tushib qolgan. Bu borada Nepal, Sudan, BAA, Hindiston, Gabon, Gaiti kabi davlatlarda eng og‘ir holatlar kuzatilmoqda.
 
Bugungi kunda jinoiy biznes deb atalmish odam savdosi keng qamrovli tus olgani bois mazkur illat orqali topilayotgan daromadlar noqonuniy qurol-yarog‘ va olmos savdosi keltiradigan daromadlarga tenglashdi. Xalqaro hamjamiyat ma’lumotlariga ko‘ra, har yili odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi uyushgan jinoiy guruhlar 32 milliard AQSh dollari miqdorida daromad topishadi.
 
Ma’lumki, BMT tomonidan odam savdosi (ayniqsa, ayol va bolalar savdosi)ga to‘siq qo‘yish maqsadida hujjat qabul qilingan edi. Bu hujjatga ko‘ra, odam savdosi og‘ir jinoyat va inson huquqlarini qo‘pol suratda buzilishi sifatida ko‘riladi. Odam savdosidan dunyodagi biror bir davlat chetda qolmagani aytiladi. Ya’ni qaysidir davlatdan tirik tovarlar olib chiqilsa, ikkinchi davlatga odam savdosi qurbonlari yetkazib beriladi. Jinsiy ekspulatasiya, majburiy mehnat, ko‘chalarda tilanchilik qilish va inson organlarini transplantasiya qilish maqsadida tirik odamlarni sotish odam savdosi deya atalmish illatning - zamonaviy qullikning ko‘rinishidir.
 
Hisobotlarga ko‘ra, ayni damda Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida taxminan 880 000 kishi majburiy mehnatga jalb qilingan. “Qo‘hna q
it’a”da 3600 xalqaro uyushgan jinoiy guruh faoliyat yuritayotgani aytiladi. Bu guruhlar bir yilda odam savdosidan 25 milliard yevro, inson organizmlari savdosi va yovvoyi ekzotik hayvonlar noqonuniy savdosidan esa 18-26 milliard yevro daromad ko‘rmoqda.
 
Bugungi kunda dolzarb masalalardan biri bo‘lgan – ona tilimizga, milliyligimizga mutlaqo yot bo‘lgan “odam savdosi” deb atalmish transmilliy jinoyatning oldini olish va unga qarshi kurashish borasida yurtimizda ham qator huquqiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Odam savdosi transmilliy, ya’ni hudud va chegara tanlamaydigan jinoyat ekanligi hisobga olinib, O‘zbekiston 2003 yil 12 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1950 yilda qabul qilingan “Odam savdosi va fohishalikning uchinchi shaxslar tomonidan ishlatilishiga qarshi kurash to‘g‘risida”gi Konvensiyaga qo‘shildi. Shuningdek, mamlakatimiz parlamenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 2000 yil 15 noyabrda qabul qilingan “Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash to‘g‘risida”gi Konvensiyaga hamda odam savdosi, ayniqsa, ayollar va bolalarni sotishning oldini olish, unga chek qo‘yish va buning uchun jazolash to‘g‘risidagi qo‘shimcha hujjatlar imzolandi. 2008 yilning 17 aprelida “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunning hamda 2008 yilning 8 iyulida “Odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori bilan qonun normalari amalga yanada samarali tadbiq etilmoqda.
 
Xavfsizligimizga tahdid solayotgan terrorizm, odam savdosi va boshqa transmilliy jinoyatlarga qarshi murosasiz kurashishimiz, doimo ogoh va hushyor bo‘lishimiz lozim. Odam savdosiga qarshi kurashishda aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida illatning havfli oqibatlari haqida tushuntirish ishlarini olib borish, fuqarolarni mavjud holatdan ogoh etish muhim.

Manba: uza.uz
Kiritildi: 13:01 30.07.2018. O'qildi: 1754 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik