Kecha, 17 fevral kuni Buyuk Britaniya janubida dahshatli bo‘ron yuzaga keldi. Dovul daraxtlar va uylarni ag‘darib tashladi.
Buyuk Britaniya meteorologiya boshqarmasining ma’lum qilishicha, Atlantika okeanining markaziy qismida boshlangan reaktiv oqim Yevropaga tomon burilgan va shuning oqibatida mamlakat hududida Yunis to‘foni yuzaga kelgan. Ma’lumotlarga qaraganda, ushbu to‘fon aholi hayoti uchun katta xavf tug‘diradi.
Bo‘ron dastlab Angliyaning g‘arbiy qismida yuzaga kelib, Kornuoll shahrigacha yetib kelgan. To‘fon oqibatida kottejlar tomlari buzilib, devorlar qulagan. Bir qancha fuqaroning bedarak yo‘qolgani aytilmoqda.
Tabiiy ofat munosabati bilan mamlakat hududidagi maktablar yopildi, shuningdek, Angliya va janubiy Uels bo‘ylab aviareyslar va poyezd qatnovlari bekor qilindi.
Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson aholini vaziyat jiddiyligi yuzasidan ogohlantirib, ularni uyda qolishga chaqirdi.