Buyuk Britaniya va Kanada bosh vazirlari hamda Fransiya prezidenti qo‘shma bayonot e’lon qildi. Mazkur bayonotda agar Isroil G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotlarni to‘xtatmasa va gumanitar yordam yetkazishdagi cheklovlarni bekor qilmasa, unga nisbatan “aniq choralar” ko‘rilishi qayd etildi.
BBC muxbirining xabar berishicha, Kir Starmer, Mark Karni va Emmanuyel Makron qo‘shma bayonotda Isroilning o‘zini himoya qilish huquqini doimo qo‘llab-quvvatlab kelganliklarini ta’kidlashgan, biroq G‘azodagi yangi hujumni “mutlaqo nomutanosib javob” deya qayd etishdi. Shuningdek, mazkur davlatlar rahbarlari Isroil hukumatining G‘azo sektoriga faqat minimal darajadagi gumanitar yordamni kiritishga ruxsat berish qarorini “vaziyatga noo‘rin yondashuv” deb atashdi.
Buyuk Britaniya, Kanada va Fransiya rahbarlari Isroilga qarshi qanday “aniq choralar” ko‘rishi haqida bayonotda batafsil ma’lumot berilmagan.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu esa Starmer, Makron va Karnining bayonotini “2023 yil 7 oktyabr kuni genosid uyushtirganlarga katta mukofot” deb atadi va Isroil HAMAS ustidan to‘liq g‘alabaga erishgunga qadar urushni davom ettirishini ta’kidladi.