Bugun 7 may, 2024 yil, seshanba

КИР

Buxoroda xavfli residivist qo‘lga olindi

Buxoroda xavfli residivist qo‘lga olindi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro tuman sudi o‘z binosida, ochiq sud majlisida, N.Jurayevning raisligida, SH.Raxmonovning kotibligida, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 169-moddasi 3-qismining “a” bandi bilan ayblangan R.Qurbonovga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. 
Sud hukmiga ko‘ra, R.Qurbonov xavfli residivist bo‘la turib, o‘zganing mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida, 2019 yil oktyabr oylarida Buxoro tumanida yashovchi fuqaro Q.Dj.ning uyini oldida bo‘lgan usti xashaklar bilan yopilgan vaqtinchalik molxonasida bog‘liq holda turgan jami bozor bahosi 5.000.000 so‘mlik bo‘lgan bir bosh qora rangli sigir va bir bosh buzog‘ini yashirin ravishda boshqaruvida bo‘lgan “Matiz” rusumli  avtomashinasining orqasiga arqon bilan bog‘lab olib ketayotgan vaqtida yo‘lda IIB xodimlari tomonidan ushlanishi natijasida, o‘g‘rilik jinoyatini o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra oxiriga yetkaza olmagan.
Sud majlisida sudlanuvchi R.Qurbonov e’lon qilingan aybga to‘liq iqrorligini, 2019 yil oktyabr oyida ijaraga olgan “Matiz” rusumli avtomashinasi bilan kirakashlik qilib, Buxoro tumani hududidan o‘tib ketayotgan vaqtida usti va atrofi xashak bilan yopilgan molxonani atrofini oldida hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilib, bir bosh sigir va bir bosh buzog‘ini arqonidandan yechib, boshqaruvidagi avtomashinasini orqa qismiga bog‘lab, asfalt yo‘lga chiqqanligini, shu vaqtda buzoq yerga o‘tirganligini, shundan so‘ng buzoqni o‘rnidan turg‘izmoqchi bo‘lganida uning oldiga IIB xodimlari kelib qolishganligini, shundan so‘ng IIB xodimlari o‘g‘irlik qilganligini aniqlab, uni tuman ichki ishlar bo‘limiga olib borganliklarini, sigir va buzog‘ini olib qo‘yganliklarini, sigir va buzog‘ini o‘g‘irlagan joydan asfalt yo‘lgacha bo‘lgan masofa taxminan ikki yuz metrni tashkil qilishini, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini, oilada yagona boquvchi ekanligini, otasi vafot etganligini, onasi uning qaramog‘ida ekanligini inobatga olib, qonuniy yengillik berishni so‘radi.
Dastlabki tergov organi tomonidan sudlanuvchi R.Qurbonovning harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 169-moddasi 3-qismining “a” bandi bilan noto‘g‘ri kvalifikasiya qilingan.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining:
- 1999 yil 30 apreldagi “O‘zgalar mulkini o‘g‘irlik, talonchilik va bosqinchilik bilan talon-toroj qilish jinoyat ishlari bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi 6-sonli qarorining 5-bandida o‘zgalar mulkini o‘g‘rilik bilan egallagan va aybdor bu mulkdan o‘z xohishicha foydalanish yoki uni ishlatish imkoniyatiga ega bo‘lgan vaqtdan boshlab tugallangan hisoblanishi;
- 2004 yil 21 maydagi “Jazolarni liberallashtirish to‘g‘risidagi qonunni iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlarga nisbatan qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi 4-sonli qarorining 4-bandida agar aybdor o‘zganing mol-mulkini qo‘lga kiritgan bo‘lsa-yu, biroq hali uni o‘z mulki sifatida tasarruf etish imkoniyatiga ega bo‘lmasa, qilmish talon-toroj qilishga suiqasd tariqasida kvalifikasiya qilish kerakligi haqida tushuntirish berilgan.
Yuqoridagi holatlarni inobatga olib, sud sudlanuvchi R.Qurbonovning harakatlarini O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 169-moddasi 3-qismining “a” bandidan Jinoyat kodeksi 25,169-moddasi 3-qismining “a” bandiga qayta kvalifikasiya qilishni lozim topadi.
Sud sudlanuvchi R.Qurbonovning aybiga iqrorligini, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 55-moddasiga asosan jazoni yengillashtiruvchi holatlar sifatida e’tiborga olib, uning harakatida jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar mavjud emas deb hisoblaydi.
O‘zbekiston Respublikasi JKning 7-moddasida jazo va boshqa huquqiy ta’sir choralari jismoniy azob berish yoki inson qadr-qimmatini kamsitish maqsadini ko‘zlamacligi, jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan u axloqan tuzalishi va yangi jinoyat sodir etishining oldini olish uchun zarur hamda yetarli bo‘ladigan jazo tayinlanishi yoki boshqa huquqiy ta’sir chorasi qo‘llanilishi kerakligi, 8-moddasining ikkinchi qismida esa jinoyat sodir etishda aybdor bo‘lgan shaxsga nisbatan qo‘llaniladigan jazo yoki boshqa huquqiy ta’sir chorasi odilona bo‘lishi, ya’ni jinoyatning og‘ir-engilligiga, aybning va shaxsning ijtimoiy xavflilik darajasiga muvofiq bo‘lishi kerakligi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2006 yil 3 fevraldagi “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risida”gi
1-sonli qarorida jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini jiddiy kamaytiruvchi alohida holatlar ro‘yxati qonunda ko‘rsatilmaganligini nazarda tutib, sud qabul qilgan qarorini hukmda asoslantirgan holda jazoni yengillashtiruvchi ayrim holatni ham, ularning majmuini ham bunday holat sifatida tan olishi mumkinligi (masalan moddiy zararning to‘liq qoplanganligi, sudlanuvchi yoki ota-onasining og‘ir kasalligi, ularning mehnatga layoqatsizligi, aybdor ota-onasining yoki bolasining boshqa boquvchisi yo‘qligi, sudlanuvchining keksa yoshda ekanligi, uning bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatni ochishda faol ishtirok etganligi, jabrlanuvchining jinoyat sodir etilishiga turtki bergan huquqqa xilof xulq-atvori, jabrlanuvchining sudlanuvchi bilan yarashganligi va h.k.) qayd etilgan. 
Sud hukmiga ko‘ra, R.Qurbonovning harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 169-moddasi 3-qismining “a” bandidan Jinoyat kodeksi 25,169-moddasi 3-qismining “a” bandiga qayta kvalifikasiya qilinib, 
JK 25,169-moddasi 3-qismining “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, JKning 57-moddasini qo‘llab, 3 (uch) yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha
Buxoro tuman sudining raisi
N.Jurayev

Kiritildi: 12:29 24.02.2020. O'qildi: 2318 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!