Bugun 20 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Bu yara tunda xuruj qiladi!

Bu yara tunda xuruj qiladi!

 

— Bir necha oydan beri oshqozonim bezovta qilyaptiBa’zan og‘riq kuchayadiLekin ovqatlansam o‘tib ketadi. Bu nimaning belgisi va bundan qanday qutulsa bo‘ladi?

Nozima ELMURODOVA,

Jizzax viloyati

— Bu oshqozon yarasi va eng ko‘p tarqalgan xastalik hisoblanadi, — deydi gastroentrolog Dildora MAHMUDOVA. — Bu kasallik me’da shilliq qavatida yara paydo bo‘lishi bilan boshlanadi. Oshqozon yarasi o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Noto‘g‘ri ovqatlanish yoxud nonushta qilmaslik asorati sekin-asta yara hosil bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Kasallikning qo‘zg‘alish va remissiya (tinchlanish) davri bo‘lib, ular almashinib turadi. Goho «kamroq ovqatlansang, oshqozoning kichrayadi», degan gapni eshitib qolamiz. Biroq tibbiyot bu fikrni inkor etadi. Chunki organizmdagi ichki a’zolar o‘z-o‘zidan shaklini o‘zgartirmaydi, jumladan, oshqozon ham.

Agar oshqozonda yara bo‘lsa, og‘riq, asosan, tunda va qorin och bo‘lganida kuzatiladi. Taomlanib bo‘lgach, 30-60 daqiqa o‘tib to‘xtaydi. Qorin sohasidagi simillovchi og‘riq ba’zan keskin, goho sust bo‘ladi. Yaraning joylashuvi, tuzilishi hamda o‘lchamiga qarab og‘riq xuruji bir necha kun yoki haftalab davom etishi mumkin. Bu og‘riq asabga ta’sir qiladi, hatto, stress holatiga sabab bo‘ladi. Bemor odatdagidan asabiyroq, tajangroq va injiqroq bo‘lib qoladi. Bundan tashqari, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, bosh og‘riqlari, zarda qaynashi, qorinning dam bo‘lishi, ba’zida ich qotishi kabilar ham bezovta qiladi.

Oshqozon yarasi pala-partish taomlanishdan tashqari, kuchli hayajonlanish, stress, irsiy moyillik, uzoq vaqt gormonal preparatlar qabul qilish, spirtli ichimliklarga ruju qo‘yish, me’da shirasi kislotaliligining oshishi, och qoringa gazlangan, achchiq, sho‘r va konservalangan mahsulotlarni muntazam iste’mol qilish kabilar tufayli ham yuzaga keladi. Oshqozon yarasi xastaligi asosan, bahor va kuz mavsumida xuruj qiladi. Shuningdek, holsizlik, surunkali charchoq va parhezga rioya etmaslik ham og‘riq qo‘zg‘alishini keltirib chiqaradi. Me’da yarasi asosan, 20-25 yoshlilar orasida ko‘p kuzatiladi. Xastalikning o‘rta yoshlilar orasida aniqlanishi esa vaqtida davolanmagani sabab kelib chiqqan asoratdir.

Davolash uchun

Yara oshqozonning qaysi qismida va qay darajada chuqur joylashganini aniqlash uchun endoskopik tekshiruv o‘tkazilib, bemor och qoringa zond yutadi, ultratovush tekshiruvi (UTT)dan ham o‘tadi. Agar organizmda yuzaga kelgan «qo‘zg‘olon» sababchisi infeksiya bo‘lsa, shifokor ularni bartaraf etuvchi, shuningdek, shilliq pardaning faol yallig‘lanishini kamaytiruvchi, yara va eroziyalarni bitiruvchi, xurujlar oldini oluvchi preparatlar buyuradi. Muolaja bilan birgalikda qat’iy parhezga rioya etishni ham unutmaslik lozim. O‘z vaqtida va to‘g‘ri davolanish xastalikning surunkali tus olishidan himoyalaydi. Agar oshqozon yarasi xastaligi vaqtida muolaja qilinmasa yoki bemor yetarlicha davolanmasa, yara chuqurlashib, teshilishi oqibatida qorin sohasida keskin, o‘tkir og‘riq paydo qiladi. Bemor hushidan ketishi ham mumkin. Bunda jarrohlik amaliyoti qo‘llaniladi. Vaqtida chorasi ko‘rilmasa, yara boshqa a’zolarga tarqashi, saratonga aylanishi ehtimoli ham yo‘q emas.

Manba: od-press.uz

Kiritildi: 22:45 09.11.2019. O'qildi: 4313 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!