Bugun 29 aprel, 2024 yil, dushanba

КИР

Bu nimasi? Mirishkor tumanidagi bog‘chalarda bolalar yerda yotishga majbur bo‘lmoqda

Bu nimasi? Mirishkor tumanidagi bog‘chalarda bolalar yerda yotishga majbur bo‘lmoqda

«Daryo» mushtariylaridan birining xabariga ko‘ra, Mirishkor tumanining «Jeynov» qishlog‘idagi bog‘chalar «Obod qishloq» davlat Dasturi asosida ta’mirlangan bo‘lsa-da, haligacha bolajonlar karovatda emas, yerda yotadi. Bog‘chaning tashqi ko‘rinishi havas qilar darajada bo‘lsa-da, mashg‘ulot xonalari jihozsiz, yotoqxonalar esa karovatsiz holatda ekanligi ma’lum qilinadi.

Ushbu ma’lumotlar qay darajada to‘g‘ri ekanligini bilish maqsadida «Daryo» muxbiri tumanning Jeynov qishlog‘ida bo‘lib, ahvolni o‘rgandi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2018 yil «Jeynov» qishlog‘idagi 2 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti — 11- va 12-bog‘chalar, «Chandir» qishlog‘idagi 8-bog‘cha «Obod qishloq» dasturiga ko‘ra kapital ta’mirlangan, ammo har uchala bog‘cha uchun ham jihozga mablag‘ ajratilmagan. Shu boisdan ham mazkur bog‘chalardagi bolalar yerda yotishga mahkum bo‘lmoqda.

12-MTT rahbari Shahlo Murtazoqulovaning ta’kidlashicha, bog‘chaga 2018 yil 1 milliard 249 million so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, bog‘cha tubdan yangilangan. Hozirda muassasadagi 162 nafar bolaning 140 nafari kuni uzaytirilgan guruhlarda tarbiyalanayotgan bo‘lsa, 22 nafar bola qisqa muddatli guruhda ta’lim-tarbiya oladi.

— «Obod qishloq» dasturiga tushgach, hamma sharoit yaxshilanib, jihoz ham beriladi deb o‘ylagandik, — deydi 12-MTT rahbari Shahlo Murtazoqulova. – Ammo hech qanday jihoz berilmadi. Ilgari bog‘chamizda 3 ta guruh faoliyat yuritardi. Endilikda 7 ta guruh ishlayapti. Shu boisdan ham bor jihozlarimiz yetmay qolyapti. Iyul oyida smetadagi mablag‘imiz evaziga yana bitta guruhimizni jihozlab beramiz deyishyapti. Qolgan guruhlar taqdiri nima bo‘ladi, bilmaymiz.

Ushbu muassasaga kirib, vaziyatni kuzatar ekanmiz 4 ta guruh tarbiyalanuvchilari yerda yotganiga guvoh bo‘ldik. Bu esa qariyb 100 nafar bola degani.

— 2 oydan beri bolajonlarimiz shu ahvolda yotibdi, — deydi o‘rta guruh tarbiyachisi Mavjuda Yomg‘irova.

Ma’lum bo‘lishicha, 12-MTTning oshxonasiga ovqat pishirish uchun hatto plita ham berilmagan. Oshxonada bolalarning umumiy ovqatlanishi uchun ajratilgan xona bo‘m-bo‘sh. Na stol va na stul bor. Eski gilam to‘shalgan, xolos.

— Ovqatni yozgi oshxonamizdagi o‘choqda pishirishga majbur bo‘layapmiz, — deydi 12-MTT hamshirasi Mehriniso Avazova. – Boisi oshxonada hatto plitamiz ham yo‘q. Hali berishmagan.

Hududdagi 11-bog‘chada ham shu ahvol. 1 milliard 480 million so‘m evaziga 140 o‘rinli qilib ta’mirlangan bog‘chada ham bolajonlar yerda uxlashga majbur.

11-MTT rahbari Muhabbat Bo‘riyevaning ta’kidlashicha, mazkur bog‘chada ta’mirdan oldin ham 7 ta guruh faoliyat yuritgan bo‘lib, o‘sha paytda ham jihoz yetishmaslik holati kuzatilgan.

— Ilgari ham bog‘chamizda 5 ta kuni uzaytirilgan, 2 ta qisqa muddatli guruh faoliyat yuritgan bo‘lsa-da, o‘sha paytda ham jihozlarimiz yetmasdi, — deydi 11-MTT rahbari Muhabbat Bo‘riyeva. — Bitta karovatga 2 tadan bola yotqizganmiz. Qolaversa, bo‘lim topshirig‘iga ko‘ra bog‘chamiz ta’mirga tushgach, 30 ta karovat, 30 ta ko‘rpa va 30 ta yostig‘imizni 10-bog‘chaga bergandik. Endilikda o‘zimizga yetmayapti.

Muhabbat Bo‘riyevaning ma’lumot berishicha, mazkur ta’lim maskani 1 milliard 480 million so‘m mablag‘ evaziga qayta ta’mirlangan bo‘lib, ayni kunda bog‘chada 162 nafar bola tarbiyalanadi. Shundan 22 nafari qisqa muddatli guruh tarbiyalanuvchilari. Kuni uzaytirilgan guruhda tarbiyalanuvchi 140 nafar bolaning 95 nafari esa karovat yetishmasligi sabab yerda yotibdi.

Bundan tashqari «Chandir» qishlog‘idagi 8-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti ham 1 milliard 330 million mablag‘ evaziga qayta ta’mirlanib, haybatidan ot hurkadigan darajaga yetsa-da, 92 nafar bola yerda uxlashga majbur. Har uchala bog‘cha rahbarlarining ta’kidlashicha, muammodan nafaqat maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri, tuman hokimi ham xabardor. Ammo haligacha muammoning yechimi yo‘q. Aytishlaricha, maktabgacha ta’lim bo‘limi mazkur muammo haqida tuman hokimligi va viloyat hokimligiga rasmiy xat bilan murojaat qilib, muammo yechimi haqida so‘ragan.

Shu o‘rinda savol tug‘ilishi tabiiy. Nega endi sharoit yetishmasa guruhlar soni ko‘paytirildi? Sanepidemstansiya bunga qaday ruxsat berdi?

— Mazkur bog‘chalarda qo‘shimcha guruhlar tashkil etilishiga rasmiy tarzda ruxsat bermaganmiz, — deydi Mirishkor tuman davlat sanitariya epidemiologiya nazorat markazi rahbari Jamshid Toshqulov. – Bog‘cha mas’ullari tuman hokimligiga murojaat qilib, sanepidemstansiya ruxsat bermayapti deyishgach, tuman hokimi o‘rinbosari Azamat Toshevning og‘zaki topshirig‘iga ko‘ra, og‘zaki tarzda xo‘p deganmiz va mutaxassis ajratib nazorat qilib boryapmiz. Boisi mazkur bog‘chalarda jihoz muammo. Yetishmaydi. Ammo tuman hokimligidan bunga e’tibor bermasligimizni, ko‘z yumushimiz kerakligini aytishgach, ko‘z yumganmiz.

Tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri Baxtiyor Karimov yuqorida tilga olingan holatlarni rad etib, bog‘cha bolalarining yerda yotganini inkor qildi. Ammo so‘zi yakunida «mazkur 8-,11- va 12-bog‘chalar tez orada jihoz bilan ta’minlanadi», — dedi.

Xalqimiz andishali. O‘ziga zarar yetsa-da, o‘zgalarni ayaydi. Bunga har uchala bog‘cha holatidan xabar olib qaytayotgan chog‘imiz ham guvoh bo‘ldik. Bog‘cha mudiralari ushbu muammoni ommaga olib chiqmasligimizni iltimos qilishdi. «Yaqinda jihoz berisharkan» deya bot-bot takrorlashdi. Har gapida «tuman hokimi shu darajada imkoniyat qilib berdi, endi bu muammoni olib chiqsak bizdan ranjishi tayin», — deyishdi. Inson sifatida ularning iltimosini qondirgimiz keldi, ammo kasb majburiyati bunga yo‘l qo‘ymadi. O‘ylaymizki, ushbu masalaga mas’ul mutasaddilar tez orada muammoga yechim topishadi. Biz esa vaziyatni kuzatamiz.

Kiritildi: 13:20 01.07.2019. O'qildi: 4010 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!