Bugun 27 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Bu ayol shunday muomalaga loyiq!

Bu ayol shunday muomalaga loyiq!

Ikki yarim yoshli go‘dakda og‘ir jarrohlik  amaliyotini o‘tkazdim. Chorshanba edi. Juma kuni soat 11:15 da bolaning yuragi to‘xtab qolganini aytishdi. Tezda yurakni uqalashga kirishdim. Alloh izni bilan urib ketdi.

Bemorning holati yomon bo‘lganda yaqinlariga xabar berish qanchalik qiyinligini bilsangiz edi! Onasiga ahvolni tushuntirdim. Baqirmadi, yig‘lamadi, “Sen aybdorsan! Bolamga yaxshi qaramading!” deb ta’na ham qilmadi. “Alloh qodir. U Zotga hamd bo‘lsin”, dedi, xolos. O‘n ikki kundan keyin bolaning yuragi yana to‘xtab qoldi. Taxminimni ro‘y-rost aytishga majbur bo‘ldim:

– Menimcha, bu safar umid yo‘q.

– Agar tuzalishida yaxshilik bo‘lsa, unga shifo ber, yo Rabbim, – deb duo qildi ayol.

Uning duosi tufayli go‘dakning yuragi  yana urib ketdi. Ammo bu hali hammasi emasdi.

Uch yarim oy o‘tdi. Bemor boshida g‘ayritabiiy yiringli yara paydo bo‘ldi. Bunaqasini umrimda ko‘rmagan edim. Ilojsiz, onasiga aytdim:

– Bolangizning yuragi bir necha bor to‘xtab, yana urib ketdi. Ammo bu yara borasida bir narsa deyolmayman.

U bu gal ham:

– Alloh qodirdir, U Zotga hamd bo‘lsin, – dedi.

Uch haftadan keyin yara tuzaldi, lekin bola harakatlanmas edi. Ikki haftadan keyin qoni zaharlandi, isitmasi 41-42 darajaga chiqdi. Onasi ahvol o‘ta og‘irligini eshitib, yana sabr va ishonch bilan: “Yo Alloh! Tuzalishida yaxshilik bo‘lsa, unga shifo ber”, deb duoga qo‘l ochdi.

To‘rtinchi oyning oxirgi haftasiga o‘tib, bola zaharlanishdan qutuldi. Biroq beshinchi oyda ko‘krak suyaklari va atrofidagi to‘qimalari shamolladi. Men ko‘krakni ochib qo‘yishga majbur bo‘ldim. Jarohat bog‘lamini yangilaganimizda yuragi ko‘rinib turardi. Onaizor duodan to‘xtamas, o‘zini yo‘qotib qo‘ymagan, ishonchi mustahkam edi.

Yuragi shundoq ko‘z o‘ngimizda turadigan bolakay ikki yarim oy o‘tib, butunlay sog‘ayib ketdi. Bu Alloh azza va jallaning soliha ayolga mukofoti bo‘lsa, ne ajab!

Bir yarim yildan keyin meni yo‘qlashayotganini aytishdi. Chiqsam, haligi bolakay va ota-onasi. Kichkintoy hech narsa ko‘rmaganday chopqillab yuribdi. Ayolning qo‘lida esa chaqaloq. Otaga hazillashib:

– Yangi mehmon o‘n uchinchi farzandingizmi, o‘n to‘rtinchisimi? – dedim.

U tabassum qildi:

– Ikkinchisi, siz davolagan birinchi bolamiz edi, o‘n yetti yilda ko‘rganmiz. Men uning dardini ko‘tarolmasdim, shu sababli ham ichkariga kirmasdim. Yurak-bag‘rim ezilib ketardi.

Uni xonamga taklif qildim va hayajonimni izhor etdim:

– Ayolingizning matonatiga faqat qoyil qolish mumkin. O‘n yetti yilda ko‘rgan farzandiga kelgan musibatlarga bardosh berdi-ya!

– Turmush qurganimizga yigirma ikki yil bo‘ldi, – dedi suhbatdoshim. – Shu paytgacha tahajjud namozlarini faqatgina shar’iy uzr bilan tark etgan, xolos. G‘iybat yo chaqimchilik qilgani, yolg‘on gapirganini eshitmaganman. Uyga kelganimda ochiq yuz bilan kutib oladi, har bir ishga e’tibor,  mehr beradi. Ayolimning xulqi, menga va farzandlarga muhabbati uchun Allohga hamd aytaman. Hayo va xijolatdan hatto ko‘ziga tik qaramayman.

Men suhbatdoshimni quvvatladim:

– Ayolingiz faqat shunday muomalaga loyiq.

“Sayyid Muhyiddin maxdum” o‘rta maxsus islom bilim yurti bitiruvchisi

Dadaxon MUZAFFAR o‘g‘li tayyorladi.

Manba: hidoyat.uz

Kiritildi: 08:15 13.10.2019. O'qildi: 5442 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!