Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash agentligi ("UKHSA") ma’lumotlariga ko‘ra, xavfli kasallik — Lassa isitmasidan birinchi o‘lim holati Angliya sharqida qayd etilgan.
9 fevral kuni agentlik G‘arbiy Afrikaga sayohat qilgan ikki kishi Lassa isitmasi bilan zararlangani ehtimoli borligi haqida xabar bergan edi.
Keyinroq, "UKHSA" Lassa isitmasi bilan kasallanish tasdiqlanganini va u bilan zararlanganlar uch nafarga yetib, bemorlardan biri hayotdan ko‘z yumganini ma’lum qildi.
Aniqlik kiritilishicha, o‘lim holati Angliya sharqidagi Bedfordshir grafligida qayd etilgan. "Biz Lassa isitmasi uchun ijobiy natija bergan bemorning hayotdan ko‘z yumganini tasdiqlaymiz", deydi Milliy sog‘liqni saqlash xizmatining Bedfordshir shahridagi vakili.
"UKHSA"ning qo‘shimcha qilishicha, keng jamoatchilik uchun xavf juda past va shifokorlar hozirda bemorlar bilan yaqin aloqada bo‘lgan shaxslar bilan bog‘lanmoqda.
Lassa isitmasi — og‘ir kechishi, yuqori o‘lim darajasi, nafas olish tizimi, buyraklar, markaziy asab tizimining shikastlanishi, gemorragik sindrom bilan tavsiflangan o‘tkir yuqumli kasallik. Infeksiyaning asosiy tashuvchilari kalamushlar bo‘lib, uni yuqtirgan odam ham infeksiya manbai bo‘lishi mumkin. Hozirda unga qarshi birorta vaksina yaratilmagan.
U ilk bor Nigeriyaning Lassa shahrida aniqlangani bois shunday nomlangan. Lassa isitmasi dunyoda o‘lim ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan kasalliklar ro‘yxatiga kiritilgan.