Buyuk Britaniya Qurolli kuchlari yakshanba kuni ertalab La-Mansh bo‘g‘ozida Kamerun bayrog‘i ostida harakatlangan, Rossiyaning «soya floti»ga mansub neft tankerini to‘xtatib, o‘z nazoratiga oldi. Bosh vazir Kir Starmerning so‘zlariga ko‘ra, bu operasiya Moskvaga berilgan «navbatdagi zarba» bo‘ldi.
The Guardian nashrining xabar berishicha, olti soat davom etgan va Buyuk Britaniya boshchiligida o‘tkazilgan ilk shunday operasiya chog‘ida Qirollik dengiz piyodalari komandoslari hamda Jinoyatchilikka qarshi kurash milliy agentligi xodimlari Smyrtos tankeriga chiqib, uning ustidan nazorat o‘rnatgan.
Hozirda neft tankeri Dorset qirg‘oqlari tomon yo‘l olmoqda va u yerda langarga qo‘yiladi. Kema ekologik me’yorlar hamda xavfsizlik talablariga rioya etilishi nuqtai nazaridan mutaxassislar nazorati ostida saqlanadi.
Britaniya rasmiylarining ta’kidlashicha, Smyrtos Rossiyaga qarshi sanksiyalar ostidagi neftning 75 foizini tashishda qatnashgan 700 ta kemadan iborat «soya floti» tarkibiga kiradi.
Starmerning aytishicha, u tanker La-Mansh bo‘g‘oziga kirishga uringan paytda uni qo‘lga olish bo‘yicha buyruqni shaxsan bergan. Bungacha Qirollik Qurolli kuchlari Atlantika okeanida o‘tkazilgan shunga o‘xshash tadbirlarda faqat Fransiya harbiylariga ko‘maklashib kelgan.
«Bu muvaffaqiyatli operasiya Rossiyaga yana bir zarba beradi va urushni moliyalashtirayotganlarga biz ularga yashirinish imkonini bermasligimizni eslatadi», — dedi Buyuk Britaniya bosh vaziri, operasiyada qatnashgan harbiylar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga minnatdorlik bildirib.