Buyuk Britaniyada Uels shahzodasi Charlz bilan bog‘liq janjal chiqdi. Skotlend-Yard saudiyalik biznesmenning qirolichaning to‘ng‘ich o‘g‘li boshchiligidagi xayriya jamg‘armasiga xayriya qilish evaziga Britaniya fuqaroligi va faxriy ordenlarni olishi bilan bog‘liq holatlar yuzasidan tergov boshladi, deb xabar berdi Euronews.
Biznesmenning ismi oshkor etilmagan. Britaniya matbuotiga ko‘ra, bu Mahfuz Marey Muborak bin Mahfuz bo‘lib, u 2016 yilda shahzoda Charlz qarorgoh sifatida foydalanadigan ikkita tarixiy binoni ta’mirlash va boshqa loyihalar uchun 1,5 million funt sterling to‘lab, Charlz qo‘lidan mukofot olgan. Bundan tashqari shahzodaning boshqa loyihalariga ham homiylik qilgan.
Saudiyalik tadbirkor Britaniya imperiyasi ordenining faxriy komandori bo‘ldi. Bu mukofotning uchinchi darajasi bo‘lib, u hali risarlik huquqini bermaydi. Mukofot unga qirolicha Yelizaveta II tomonidan «Birlashgan Qirollik xayriya tashkilotlariga xizmatlari uchun» berilgan.
The Sunday Times nashrining yozishicha, bunda Britaniya taxti vorisi shahzoda Charlz atrofidagi eng yaqin a’zosi Maykl Fosett asosiy rol o‘ynashi mumkin.
«Jamg‘arma bir qator tegishli hujjatlarni taqdim etdi. Ular qolgan ma’lumotlar bilan birga o‘rganildi. Materiallarni tahlil qilib, tergov boshlashga qaror qilindi», — deyiladi Skotland-Yard bayonotida.
Uels shahzodasi matbuot xizmati Britaniya taxti vorisi xayriya jamg‘armasiga mablag‘ yig‘ishning bunday usuli haqida hatto tasavvurga ham ega emasligini ma’lum qildi.
So‘nggi vaqtlarda Qirollik oilasida janjallar chiqib turibdi. Avvalroq Yelizaveta II ning yana bir o‘g‘li shahzoda Endryuga nisbatan zo‘rlash ishi bo‘yicha sudgacha tergov ishlari olib borilgan. Britaniya matbuotining yozishicha, shahzoda uni ayblagan amerikalik Virjiniya Jufraga 12 million funt sterling to‘lab qutilgan.