The Times’ning xabar berishicha, Buyuk Britaniya Trampning qirollikka tashrifi yakunlanganidan so‘ng Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olishini ma’lum qiladi.
Manbalarga ko‘ra, bosh vazir masalani AQSh prezidenti ketguncha kechiktirishga qaror qilgan. Bu qadam Starmerning 18 sentyabrga belgilangan Tramp bilan qo‘shma matbuot anjumanida mavzunung asosiy bahsga aylanib qolishidan xavotirlangani bilan izohlanmoqda.
Reuters’ning yozishicha, Vashington Falastinni rasman tan olishga qat’iy qarshi. Londonning bu qarorini amalga oshirishi ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Buyuk Britaniya qarorini BMT Bosh Assambleyasining Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tadigan sessiyasi boshlanishidan oldin e’lon qilishi kutilmoqda. Shu yig‘ilishda Fransiya, Kanada va Avstraliya ham Falastinni davlat sifatida tan olishi ehtimol qilinmoqda.