Bugun 5 may, 2024 yil, yakshanba

КИР

Boysunda Prezident topshirig‘i nega bajarilmadi?

Boysunda Prezident topshirig‘i nega bajarilmadi?

Tanqidiy tahlil, qat’iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik har bir rahbarning bu Bosh vazir yoki uning o‘rinbosari bo‘ladimi, hukumat a’zosi yoki hududlar hokimi bo‘ladimi, ular faoliyatining kundalik qoidasi bo‘lib qolishi kerak . Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev roppa-rosa ikki yil avval bu fikrni ilgari surib, barchani faollikka undab, mutasaddi rahbarlarni har bir vazifani sidqidildan, fidoyilik asosida bajarishga da’vat etgan edi. Jamiyatni isloh qilish, modernizasiya va tubdan yangilash jarayoni favqulodda jadallik bilan amalga oshirilayotgan bir paytda ana shunday yondashuvgina ko‘zlangan maqsad sari keng yo‘l ochadi. Aksincha, mas’uliyatsizlik, loqaydlik, o‘zibo‘larchilik kayfiyati ezgu intilish va maqsadlar ro‘yobini sarobga aylantiradi. Jamiyat rivojiga salbiy ta’sir etuvchi bunday illatlarni xalqqa, kelajakka xiyonat, deb baholash mumkin.

Keling, yaxshisi gapning indallosiga o‘taylik. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan yili 19-20 yanvar kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir muhim vazifalar belgilangandi. Jumladan, Qiziriq tumanida o‘tkazilgan kengaytirilgan majlis bayonnomasiga ko‘ra, 2019 yilda yakunlanishi rejalashtirilgan Boysun tumanidagi sig‘imi 6,1 million kub bo‘lgan Hangaronsoy sel suv ombori qurilishini 2018 yilda yakunlash bo‘yicha Suv xo‘jaligi, Iqtisodiyot va Moliya vazirliklari, shuningdek, Davarxitektqurilish qo‘mitasiga aniq vazifalar qo‘yilgandi. Afsuski, 2018 yil yakuniga yetgan bo‘lsada, Prezidentning bu topshirig‘i bajarilmay qoldi. Nega?!

Gap shundaki, Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi Hangaronsoy sel suv omborining 2-bosqichi qurilishi O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi buyurtmasi asosida 13-sonli qurilayotgan korxonalarning birlashgan direksiyasi Sheroboddavsuvmaxsuspudrat davlat unitar korxonasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Loyiha qiymati 39 milliard so‘mni tashkil etadigan inshoot qurilishiga o‘tgan yilning avgust oyidan to yil yakuniga qadar 11 milliard so‘m mablag‘ ajratildi, xolos.

Loyihaga ko‘ra, qurilayotgan suv omboridagi to‘g‘on balandligi 41, eni 170 metrni, uzunligi esa 475 metrni tashkil etadi. Inshoot qurib bitkazilgach, 1000 gektar yer o‘zlashtirilishi barobarida quyi qismda joylashgan aholi yashash punktlarini sel va toshqin suvlaridan himoyalash imkoniyati yaratiladi. Shuni ham aytish kerakki, suv omboriga yaqin hududda qiymati 5 milliard dollar bo‘lgan Mustaqillikning 25 yilligi gaz-kimyo majmuasi barpo etilmoqda. Ushbu muhim strategik inshootda qazib olininajak gaz o‘rnini suv bilan to‘ldirish uchun ham mazkur suv omboridan foydalanish ko‘zda tutilmoqda

Qurilish ishlarining borishi va ish sur’ati asosan moliyaviy ta’minot bilan bog‘liq, albatta. Suv xo‘jaligi vazirligi inshoot qurilishiga jiddiy e’tibor qaratganida belgilangan yumushlar allaqachon yakunlangan bo‘lardi. Buning uchun ishchi kuchi ham, texnikalar ham yetarli. Jumladan, inshoot qurilishiga 40 yaqin texnika, 70 nafardan ziyod ishchi-xodimlar safarbar etilgan. Biroq, joriy yil yanvar oyining birinchi o‘n kunligi ham moliyalashtirish ishlarini kutish bilan o‘tdi. Demakki, mablag‘ bo‘lmagach, na ishchiga darmon, na texnikaga jon kiradi.

O‘zining kimligini oshkor qilishni istamagan mexanizatorning aytishicha, oylik maoshlar 500-600 ming so‘mni tashkil etadi. Bajargan ish hajmiga qarab, 1 million so‘m maosh oladiganlar ham bor. Ba’zan, oylik maoshning kechikishi tufayli shikoyat qiluvchilar ham topiladi. Suhbatdoshimizning aytishicha, yaqinda sariosiyolik shikoyatchi ishchilardan ikki nafariga katta ko‘cha qo‘rsatilibdi

Shu o‘rinda haqli savollar tug‘iladi: Hangaronsoy suv ombori Suv xo‘jaligi vazirligiga kerakmi yoki faqat boysunliklargami?! Prezident topshirig‘ini o‘z vaqtida bajarish uchun mablag‘ yetishmadimi yoki xohish? Qurilish ishlaridagi oqsoqliklar uchun kim javobgar? Umuman, ishni paysalga solish bilan kim kimni aldayapti? Bu kabi savollarga mutasaddilardan javoblar kutib qolamiz.

Yana bir gap. Rabot-Kofrun qishloqlarini bog‘lovchi 4R-104 avtomobil yo‘lining 52-55 km qismi qurilayotgan suv ombori ostida qolib ketganligi tufayli inshoot loyiha-smetasiga binoan transport harakati uchun aylanma yo‘l qurilishi nazarda tutilgandi. Uzunligi 4,5 kmni tashkil etuvchi ushbu aylanma yo‘lda shag‘al yotqizilgan bo‘lsada, asfaltbeton ishlari hali hanuz boshlangani yo‘q. Bir necha yildan buyon qishda loy, yozda chang bu yo‘llardan o‘tib qaytayotgan qishloq odamlarining sabriga mutasaddilar tahsin o‘qiyotgan bo‘lishsa ajabmas. Agar ulovning tili bo‘lsa, dod solguvchi bu yo‘llar odamlarning yana qancha bardoshini sinarkan, ko‘ramiz?

Manba: 7news.uz

Kiritildi: 11:02 18.01.2019. O'qildi: 2184 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!