Bugun 3 may, 2024 yil, juma

КИР

Boysun tumani hokimi nogiron ayolga: "Sen iflos badga ham urib ketding. Bor, yo‘qol"

Boysun tumani hokimi nogiron ayolga: "Sen iflos badga ham urib ketding. Bor, yo‘qol"
O‘zA Surxondaryo viloyati Boysun tumani, Chinor mahalla fuqarolar yig‘ini, II guruh nogironi Oydin BADALOVAning quyidagi maktubini e’lon qildi:
Ushbu shikoyat xatini yozishimga sabab shuki, men boquvchisini yo‘kotgan beva ayolman. Oilam kam ta’minlangan, juda og‘ir axvolda yashaymiz. Qaramog‘imda sakkiz jon bo‘lib, o‘zim II guruh nogironiman. Og‘ir kasallik tufayli bir o‘g‘lim ham umrbod I guruh nogironi bo‘lgan. Bir o‘g‘lim va qizim ishsiz. Nevaralarim hali voyaga etmagan. Olti oy burun, elektr chirog‘i hadeb o‘chib-yonaverganidan uyim kuyib kulga aylandi.
Bu voqeadan qo‘rqib ketgan qaynonam bir-ikki kun o‘tib vafot etdi. Shundan buyon na yeganimni, na ichganimni bilaman. Shu olti oydan buyon tumanda yordam so‘rab boshimni urmagan idora eshigi qolmadi. Rahbarlarning biri aldasa, biri qabul qilmay sarson kiladi. Boysun tumani hokimi O‘ktam To‘rayevga bir necha marta yozma va og‘zaki murojaat qilishimga qaramay, meni yosh boladay faqat aldab keladi. Yoki tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Soniya Jo‘raqulovaga buyuradi. Bu ayol hokim oldida Xo‘p, bajaramiz deydiyu, tashqariga chiqqach, Sen iflos piserlarni strelyat nado. Badga ham urib ketdnng. Bor, yo‘qol, biron yordam qilolmayman. San bomjlarga bu yer bankmas , deydi.
Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Soniya opaning muomalasidan sog‘ligim yomonlashib idorasidan chiqib ketaman. To‘g‘risini aytsam, ba’zan jonimdan to‘yib ketaman. Biz mustaqil bo‘lib ham bunaqa qizil imperiya sarqitlaridan qutulolmayapmiz. Bu ayol faqat chalama-chatti ruschalab gapiradi. Ba’zan tushunsam, ko‘piga tushunmayman. Qancha urunsam ham natija yo‘q. Surxondaryodagi rahbarlarning hammasining Prezidentimizni aldashdan boshqa ishi yo‘q. Viloyat kabulxonasiga oldin hokim bo‘lgan odamni rahbar etib qo‘yishgan. U umuman hech kimni qabul qilmaydi, biron ishni yolchitmaydi ham.
Endi O‘zAga murojaat qilyapman. Boshqa ilojim ham yo‘q. Iltimos, menga amaliy yordam qilinglar. Mani arizamni muhtaram Prezidentimizga yuboringlar. Bunday poraxo‘r, o‘g‘ri, yolg‘onchi rahbarlar qachongacha davlatimiz rahbarini aldab, ko‘zbo‘yamachilik qiladi?
Yaqinda Boysunga Bosh vazir o‘rinbosari Alisher Sultonov keldi. Bir amallab qabuliga kirdim. U ham xuddi tuman hokimi O‘ktam To‘rayev, tuman xotin-kizlar qo‘mitasi raisi Soniya Jo‘raqulova kabi meni eshitib, pinagini ham buzmay, Soniya opa, odamingizga karashsangiz bo‘lmaydimi , dedi. Xo‘p bo‘ladi, deb Soniya yana meni chiqarib itarib-itarib Yo‘qol svoloch , deb quvib yubordi. Bu ham yetmaganday, xodimlariga qaysi axmoqing bu xotinni kiritding, deb o‘shqirdi. Mana sizga tumanimizdagi qiynalgan nogironlarga qilinayotgan muomala!
Mana sizlarga mahallani isbotlovchi hujjatlar. Uyim kuyib kulga aylanganining suratlari, nogironligimiz haqidagi ma’lumotnomalar, hammasi bor. Iltimos, mendek nogironga, farzandlarimga amaliy yordam bering. Axir Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev barcha sharoitni xalqqa yaratish kerak deb, hamma vaqt ta’kidlaydilar-ku!
Surxondaryoga Prezidentimiz kelsalar, u kishiga oddiy jabrlangan xalqni ko‘rsatishmaydi. Buning o‘rniga doimgiday kariyalarni duch qilishadi. Bu qariyalar ham Prezidentimizga yolg‘on gaplarni aytib, hech bir muammo yo‘q, deydi. Hokimlarni maqtashadi. Ana shunday sharoit, imkoniyatlarni mana shu tuman hokimimiz amalga oshirmokda deb, Prezidentimizni aldashadi.
Men kimga murojaat qilishim kerak!? Mutasaddilardan amaliy ko‘mak berishlarini kutib qolaman. Iltimos, bizga yordam bering .
Kiritildi: 11:31 15.05.2019. O'qildi: 7112 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!