Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi va sallamni payg‘ambar qilib yuborish bilan mo‘min-musulmonlarga katta in’om ko‘rsatdi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o‘z ummatlarini hidoyat yo‘liga boshlash uchun kelganlar.
Sunnat so‘zining ma’nosi keng qamrovli bo‘lib, u Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning aytgan so‘zlari, bajargan amallari hamda sahobalarning qilgan ishlariga bildirgan ijobiy munosabatlarini o‘z ichiga oladi. Sunnat Islom dinimiz ta’limotining Qur’ondan keyingi asosiy manba’laridan biridir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam vidolashuv hajida qilgan xutbalarida shunday deganlar: “Ey insonlar! Men sizlarga shunday narsalarni qoldirib ketyapmanki, agar ularni mahkam tutsangiz hech qachon adashmaysizlar, ular – Allohning kitobi va Mening sunnatimdir” (Hokim va Bayhaqiy rivoyati).
Muhammad sollallohu alayhi va sallamning sunnatlari go‘yo Qur’oni karimning sharhi bo‘lib, u Qur’on oyatlarining ma’nosini yanada kengroq tushinishga, undagi ahkomlarni batafsil bayon qilishga xizmat qiladi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sunnatlari U zotning hayot tarzlaridan iborat bo‘lib, ularni amalda tatbiq qilish Allohning va rasulining ko‘rsatmalariga amal qilish demakdir. Unutilib ketgan sunnatlaridan birortasini ro‘yobga chiqarish esa, U zotning hayot tarzlarini qayta jonlantirish ekanligi haqida hadislar mavjuddir. Bundan tashqari Rasulullohga ergashgan kishi Alloh taoloning muhabbatiga ham sazovor bo‘ladi.
Bu haqda Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi: «Ayting (ey, Muhammad!): «Agar Allohni sevsangiz, menga ergashingiz. Shunda Alloh sizlarni sevadi va gunohlaringizni mag‘firat etadi. Alloh kechiruvchi va rahmlidir» (Oli Imron, 31).
Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning hayotlari biz mo‘min-musulmonlar uchun katta namuna maktabidir. Aslida mo‘min-musulmon kishi uchun o‘rnak bo‘lishga eng loyiq va haqli zot Muhammad sollallohu alayhi va sallamdir.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sunnatlaridan yuz o‘girish, unga xilof amal qilish dunyoda fitna-fasodning kelib chiqishiga, oxiratda alamli azobga sabab bo‘lib qolishi mumkin. Bu haqda Qur’oni karimda bayon qilinib: «...(Payg‘ambarning) amriga xilof ish tutadigan kimsalar o‘zlariga biror kulfat yetib qolishidan yoki alamli azob yetib qolishidan saqlansinlar!» – deyilgan (Nur, 63).
Payg‘ambar alayhissalomning sunnatlariga ergashish Allohga itoat qilish bilan barobardir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam hodisalarining birida: «Ummatimning hammasi jannatga kiradi, faqat o‘zi xohlamagan kishigina kirmaydi», - dedilar. Shunda sahobalar: Kim jannatga kirishni xohlamas ekan? – deyishdi. Rasululloh: «Kim menga itoat etsa jannatga kiradi. Kim menga osiy bo‘lsa, demak jannatga kirishni xohlamabdi» – deb marhamat qildilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Muslim ATAYEV,
Fatvo bo‘limi xodimi
Manba: muslim.uz