Bugun 19 may, 2026 yil, seshanba

КИР

Bokuda “Merosdan barqarorlik sari: turkiy uylar” panel sessiyasi bo‘lib o‘tdi

Bokuda “Merosdan barqarorlik sari: turkiy uylar” panel sessiyasi bo‘lib o‘tdi

18 may kuni Boku shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon shaharlar forumining 13-sessiyasi (WUF13) doirasida Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi “Merosdan barqarorlik sari: Turkiy uylar” (“From Heritage to Resilience: Turkic Houses”) nomli panel sessiyasini tashkil etdi.

Tadbirning ochilishida so‘zga chiqqan Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi prezidenti, professor Aktoti Raimqulova bunday nufuzli forumning Bokuda o‘tkazilishi muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, ushbu forum hukumatlar, olimlar, me’morlar, xalqaro tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyati vakillarini birlashtiruvchi muhim global maydon hisoblanadi.

Aktoti Raimqulova turkiy uylar nafaqat yashash maskani, balki ijtimoiy uyg‘unlik, tabiatga moslashuv va jamoaviy turmush tarzining timsoli ekanini ta’kidladi. Shuningdek, u an’anaviy me’moriy merosni asrab-avaylash barqaror rivojlanishning muhim tarkibiy qismi ekanini alohida qayd etdi.

Yakunda Jamg‘arma prezidenti Ozarbayjon Respublikasi hukumati, Turkiya Respublikasi Atrof-muhit, urbanizasiya va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Jahon shaharlar forumi tashkilotchilari hamda barcha hamkor tashkilotlarga ushbu muhim xalqaro tadbir doirasida panel sessiyasini tashkil etish imkoniyati uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

Panel davomida an’anaviy turkiy uylarning me’moriy qiyofasini saqlash, madaniy meros orqali shaharlarning barqarorligini mustahkamlash, shuningdek tarixiy shaharlarda barqaror restavrasiya amaliyotlarini rivojlantirish masalalari keng muhokama qilindi.

Sessiya Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi loyiha menejeri Nuri Aksu moderatorligida davom etdi. Muhokamalarda Og‘uz Jeylan — Turkiyadagi Mimar Sinan Fayn Arts Yuniversiti Arxitektura fakultetining faxriy professori, Sabina Hojiyeva — Ozarbayjon Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy merosni muhofaza qilish, rivojlantirish va restavrasiya qilish davlat xizmati rahbari, Ahmet Metin Gench — Trabzon shahri hokimi, shuningdek Sauran Kaliyev — Qozog‘istondagi Tarixiy va madaniy yodgorliklarni muhofaza qilish hamda restavrasiya qilish direksiyasi rahbari, arxeolog ishtirok etib, o‘z mamlakatlari tajribasi bilan o‘rtoqlashdilar.

Panel yakunida ishtirokchilar umumiy me’moriy merosni asrab-avaylash va uni zamonaviy shaharsozlik modellari bilan uyg‘unlashtirish maqsadida turkiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik tarmog‘ini yanada mustahkamlash muhimligini ta’kidladilar.

Kiritildi: Bugun 14:12. O'qildi: 222 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!