Bugun 23 sentyabr, 2026 yil, chorshanba

КИР

Biznes uchun jarimalar o‘rtacha 2 barobarga kamaytiriladi

Biznes uchun jarimalar o‘rtacha 2 barobarga kamaytiriladi

O‘zbekistonda tadbirkorlar uchun barcha turdagi jarimalar miqdori o‘rtacha 2 barobar kamaytiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan muloqotda e’lon qildi.

Hozir 51 ta idora moliyaviy jarima qo‘llash vakolatiga ega. Ayrim idoralarda jarimadan tushgan mablag‘ning bir qismi o‘zida qolishi “tekshirsa – qo‘rqadi, qo‘rqsa – to‘laydi” degan noto‘g‘ri yondashuvni keltirib chiqarayotgani tanqid qilindi.

“Jarima mablag‘ yig‘ish uchun emas, sohada tartib-intizom va profilaktika uchun xizmat qilishi kerak”, – dedi prezident.

Davlat korxonalari xarid qilgan tovarlar bo‘yicha tadbirkorning zakalat pulini qaytarish avtomatlashtiriladi.

Kelasi yildan tadbirkor va davlat o‘rtasidagi nizolarda “Tadbirkorning haqlilik prezumpsiyasi” joriy etiladi. Tadbirkorning aybi sudda isbotlanmaguncha u aybsiz hisoblanadi va unga jarima yoki boshqa ta’sir chorasi qo‘llanmaydi.

Shuningdek, “Birinchi xato uchun ogohlantirish” qoidasi joriy etiladi. Birinchi bor qoida buzgan va odamlar hayoti, sog‘lig‘i yoki mulkiga zarar yetkazmagan tadbirkorga kamchilikni bartaraf etish uchun 10 kun beriladi.

Nazorat organlari birinchi instansiyadan keyingi har bir sud bosqichida davlat bojini to‘laydi.

Savdo-sanoat palatasi huzuridagi ekspert kengashiga bojxona, qurilish, sanitariya, karantin va veterinariya sohalaridagi nizolarni ham ko‘rib chiqish vakolati beriladi.

Kiritildi: 14:02 18.08.2026. O'qildi: 1069 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!