To‘y. “Bu emas”
Chiroqchilik kirakashlardan biri aytadi: “Bir kuni tong qorong‘usida “Chorshanbi”ga (bozorning nomi) boraman degan kishilar chiqib qolar degan umidda yo‘lovchi poylab o‘tirsam, bir yigitcha chopqillab kelib qoldi. “Bugun ZAGS, aka, keliningizni salonga olib borib qo‘yishimiz kerak”, dedi mashinaga o‘tirar-o‘tirmas. Kelin bo‘lmish qizni o‘ttiz chaqirim yurib tuman markazidagi salonga olib keldik, bu yerdagilar qachon ish boshlaydi, hayronman, kelsak salon allaqachon ochilgan ekan. Navbatda bizdan oldin ham odam bo‘lganmi yoki o‘zi shuncha vaqt ketadimi, uch soatdan keyin “tayyor” bo‘lishini aytdi. Qizni dugonasi bilan qoldirib qaytib chiqdik. Yigitchani yonimga o‘tqazib uning-buning hojatini chiqarib yurdim. Aytilgan vaqtda borsak, Sochlari tikka-tikka qilib, har tarafga qaratib qotirilgan, ko‘zining atrofi obdon ko‘kartirilgan, yuziga ola-bula rang surilgan qizni ko‘rib yigitning ko‘zlari kosasidan chiqib ketayozdi. Hadeb “bu emas”, deydi. Yaxshi ham dugonasi bor ekan, o‘shani tanigani uchun zo‘rg‘a o‘ziga kelib oldi, kambag‘al. Rostdan ham, qiz salonga kirguncha tuppa-tuzuk edi”.
Besh-olti yil burun Qarshiga boradigan bo‘lib qoldik. Chiroqchidan taksiga o‘tirdik, ozroq yurgandan so‘ng shofyor “O‘tgan kuni shu yerda avariya bo‘libdimi?” deb qoldi. “O‘sha avariyada men ham bor edim, aka, — dedi bir yo‘lovchi — ZAGSga yigirmata neksiya (hozir lasetti keladi, neksiya modadan qolgan) keldi, ishonasizmi, qishloqqa mashina sig‘may ketdi. Yigirma neksiya ikki qator bo‘lib olib Qarshiga tomon yuz qirqda bosib boryapmiz, qarshimizdan chiqqan mashina qanday qilib o‘tib oladi, hech kimning xayoliga kelmaydi. Shunda mashinalardan biri uchinchi qatorga chiqibdi, yo‘lning kengligi uch qatorga ensizlik qilgani bois uchinchi qatordagi mashina yo‘ldan chiqib ketayozgan va mashinani burib, ikkinchi mashinani turtib yuborgan, zarb yegan mashinaning yonida men ketayotgan edim, u mening mashinamga uriladigan bo‘ldi. Bilmadim, Xudo qanday asradi, tezlikni yanada oshirish hisobiga chap berib qoldim, chog‘i. U aylanib, daraxtlarni oralab ketdi. Endi esa mashina haydashga qo‘rqyapman”.
Tug‘ruq. “Sarpo-suruqni unutmang”
Poytaxtdagi tug‘ruqxonalardan biri. Choshgoh payti. Palatadagi ko‘zi yorigan uch nafar ayolning biriga javob tekkan. Unga xizmat ko‘rsatish uchun chaqirilgan sartarosh, kosmetolog, manyuker, pedyuker deganlari qo‘llariga asboblarini olib uning sochi, yuzi, qovoqlari, qo‘l va oyoq tirnoqlariga turli buyoqlarni chaplab yotibdi. Ular tuppa-tuzuk ayolni palatadoshlari ko‘z o‘ngida sirkda o‘ynaydigan masxarabozga o‘xshatdi, qo‘ydi.
Endi uning xursandchiligini ko‘rsangiz, qo‘liga telefonni olib onasiga qo‘ng‘iroq qilyapti. “Qovurdoq olib kelganda qudalaringizga boshdan-oyoq sarpo-suruqni unutmang, mulla akamlarning ham hammasiga to‘n olasiz, nima? bilmayman men, topasiz, qarz-qavola qiling… qudalaringiz oldida past ketib, meni uyaltirmang… xayr”. Uff, deb boshqa raqamni terdi, “… aka! Limuzin olib kelyapsizmi, qimmat ekan, qancha?.. ikki yuz, mayli, …aka, ikki bekat joyga ikki yuz to‘lasak ham, zato, bu yerdan chiqqanimizni do‘st-dushman ko‘radi… O‘g‘limiz birdagina eng zo‘r mashinaga minsin deyman-da, a, farqiga bormasa nima bo‘libdi, biz boramiz-ku, orzu-havasingiz, yo‘qmi, sizning… epika bo‘lmaydi, faqat limuzin, ha, karnaychilar shaymi? Videochiga tayinlang, yaxshilab olsin, xo‘pmi?..”
Ibrat
Ana shu manzaralardan odamlar topgan-tutganini, shofyorlar, “buyoqchi”lar-u, otarchilarga sarflab yotibdimikan, degan xulosaga keladi kishi. Nahotki, orzu-havas degani, yarim quti buyoq, mashinaga bir marta minish, bir necha tog‘ora qovurdoq va karnay-surnayning g‘at-g‘atidan iborat-u, buning bariga “odamlar nima deydi”, degan andisha asos bo‘lsa…
Orzu-havaslar qachon bunchalik maydalashib ketdi, o‘zi “odamlar” deganda kimlar, qaysi odamlar nazarda tutilmoqda? Masalan, men tanigan-bilgan odamlar kimdir chaqalog‘ini limuzinda olib chiqmasa, aslo uning g‘iybatini qilmaydi. Yana kim bo‘lishi mumkin, ajabo!
Ularning kimligini siz bilasizmi, muhtaram yurtdosh?
Damin JUMAQUL
Manba: hidoyat.uz