Kriptovalyuta birjasi Bitget xakerlik hujumiga uchradi. Hujum oqibatida taxminan 351,6 million dollarlik mablag‘ o‘g‘irlangan.
Ruxsatsiz tranzaksiyalar 24 sentyabr kuni soat 18:31 UTC da aniqlangan. Hodisadan so‘ng birja mablag‘larni yechib olish operasiyalarini vaqtincha to‘xtatdi. Biroq depozit kiritish va savdo operasiyalari davom ettirilmoqda.
Hujum «issiq» va «iliq» kriptohamyonlarning bir qismiga ta’sir qilgan. Internetdan ajratilgan «sovuq» hamyonlar esa xavfsiz qolgan. Kompaniyaning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, hujumchilar hamyonlar infratuzilmasiga kirish imkoniga ega bo‘lib, soxta tranzaksiyalarni amalga oshirishgan.
Bitget bosh direktori Greysi Chenning ma’lum qilishicha, dastlabki tergov hujum ortida Shimoliy Koreyalik xakerlar bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Tergovchilar avvalroq Shimoliy Koreya guruhlari bilan bog‘langan IP-manzillar va VPN xizmatlaridan foydalanilganini aniqlagan. Biroq hujum manbasi hozircha uzil-kesil tasdiqlanmagan.
Bitget o‘g‘irlangan mablag‘larni foydalanuvchilarni himoya qilish fondi hisobidan to‘liq qoplashini bildirdi. Kompaniya mazkur fondda 464 million dollardan ortiq mablag‘ mavjudligini ma’lum qildi.
Hozirda hodisa bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar va blokcheyn xavfsizligi bo‘yicha mutaxassislar ishtirokida tergov olib borilmoqda.