Germaniyaning “Plaza Hotelgroup GmbH” kompaniyasi yurtimiz iqtisodiyotiga mehmonxonalar tarmog‘i bo‘yicha xalqaro investisiyalarni kiritmoqchi. Mehmonxonalar tarmog‘ini qurish uchun “Best Western” xalqaro brendi ostida qurilish ishlari olib boriladi.
Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi J.Ortiqxo‘jayevning “Plaza Hotelgroup GmbH” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuvida shu haqda so‘z bordi.
“Plaza Hotelgroup GmbH” kompaniyasi 2002 yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozirgacha Germaniya, Avstriya, Chexiya va Niderlandiya kabi mamlakatlarda 34 mehmonxona qurgan. U eng tezkor quruvchi kompaniyalardan sanalib, katta tajribaga ega. Shu bilan birga, mehmonxonalarni ta’mirlash bilan ham shug‘ullanadi. “Plaza Hotelgroup GmbH” kompaniyasi qurgan va ta’mirlagan mehmonxonalar mashhur “Best Western” brendi ostida boshqariladi.
Germaniyalik investorlar yurtimizning yirik shaharlarida turistik mehmonxonalar qurishni maqsad qilgan. Shu maqsadda 100 million AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritilishi ko‘zda tutilgan. Ular tomonidan yaqin 3-5 yilda 6-8 tagacha mehmonxona quriladi.
Manba: uza.uz