Bugun 29 aprel, 2024 yil, dushanba

КИР

Besabr ayol Payg‘ambar alayhissalomga nima dedi?

Besabr ayol Payg‘ambar alayhissalomga nima dedi?

Anas ibn Molik roziyollohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallollohu alayhi vasallam qabr oldida yig‘layotgan ayol oldidan o‘ta turib: “Allohga taqvo qil va sabrli bo‘l!”, dedilar. U ayol: “Yo‘lingdan qolma. Sen boshimga tushgan musibatni qayerdan bilarding”, dedi. Nabiy sallollohu alayhi vasallam indamasdan ketdilar. Ayol u zotni tanimadi. Keyin bir kishi unga u zot Nabiy sallollohu alayhi vasallam ekanliklarini aytganida, ayol: "Allohga qasamki, tanimadim", dedi. Ayol u zotning Nabiy sallollohu alayhi vasallam ekanliklarini bilib xijolati ming bo‘ldi. So‘ngra Nabiy sallollohu alayhi vasallamning eshiklari oldiga borib: “Men sizni tanimabman, ey Allohning Rasuli!” dedi. Shunda Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Albatta sabr musibatning avvalgi lahzalarida (bilinadi)”, dedilar".

Ibn Hajar rohimahulloh o‘zining "Fathul Boriy" nomli sharhida shunday deydi: "Bu hadisning ma’nosi shuki, maqtaladigan sabr musibat yetgan chog‘dagi sabrdir. Undan keyingisi emas. Chunki kunlar o‘tishi bilan musibat yengillashib boradi. Shuning uchun: "Har-bir narsa boshlanishda kichik bo‘lib so‘ngra kattalashadi. Illo, musibat boshlanishida katta bo‘lib so‘ngra kichiklashib boradi", deyilgan.

Nabiy sallollohu alayhi vasallamning o‘g‘lini yo‘qotib musibatzada bo‘lgan ayolga nisbatan odoblariga qarang. U ayol qo‘pol gapirsa-da, u bilan bahslashmadilar, uning gapini rad qilmadilar. Indamasdan ketdilar.

Bu esa yo‘qotish, bemorlik, faqirlikka uchragan kishilar bilan bo‘ladigan muomaladagi yetuk darsdir. Ehtimol u bizga biz odatlamagan muomalani qilar. Inson chidamsiz qilib yaratilgan. Musibatga uchragan kishining, kimsasini yo‘qotgan kishining, shaxsiy muammoga uchragan kishining dag‘al muomalasidan ranjimaylik. Insonlarning eng yaxshisi bo‘lmish Rasululloh sallollohu alayhi va sallam kabi uning holatini his qilaylik.

Aslida bu dunyo yo‘qotish dunyosidir. Kelganlarning barchasi ketgan. Payg‘ambarlar ham, fojirlar ham, podshohlar ham, qullar ham, olimlar ham, johillar ham tashlab ketishgan bu dunyoni. To‘g‘ri, yaqinlarni yo‘qotish og‘ir. O‘lim musibati mashaqqatli. Ammo Allohning qadariga rozilik malhamdir. Jannatdagi hamd uyi yo‘qotish soatlarida ishlarini Allohga topshirgan zotlarga atab quriladi. Sabrning eng buyugi avvalgi to‘qnashuvda qilingan sabrdir.

Nasihatgo‘y modomiki xolis ekan, uning nasihatini mahkam tut. Ba’zilar yaxshi ko‘radigan kishisining xatosini ham qabul qilaveradi. Yomon ko‘radigan kishisidan esa haqni ham qabul qilmaydi. Bu havoyi nafsning g‘alabasidan, hikmat va aqlning yo‘qligidan nishondir.

Yuqoridagi ayol kabi bo‘lmaylik. U nasihatgo‘yni tanimagani uchun haqni qabul qilmadi. Ammo u kabi qilgan xatoni tuzatuvchi bo‘laylik. Bu aql egalarining xulqidir. Ayol ham aql sohibasi ekanki, darrov xatosini tuzatishga kirishdi. Buzgan narsasini isloh qilish uchun uzr so‘rab keldi. Bu nabiylar xulqidir:

"Qachonki, Musoning g‘azabi bosilgach, lavhlarni oldi". A’rof-154 oyat.

Ya’ni Bani Isroil Muso alayhissalom Alloh bilan gaplashgani ketganlarida buzoqqa ibodat qilib qo‘yadi. Muso alayhissalom qaytib kelib, ularning buzoqqa ibodat qilib turganini ko‘rib, dahshatga tushib qo‘llaridagi Tavrot lavhlarini beixtiyor yerga tashlab yuboradilar. G‘azablari bosilgach, o‘zlariga kelib yana lavhlarni yerdan oladilar!

Abdulqodir Polvonov

Kiritildi: 16:11 01.12.2020. O'qildi: 3926 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!